1

SSV: Xorazmlik ayolning ahvoli og`irlashgani vaksina bilan bog`liq emas

Jamiyat 29.08.2021, 14:39
Teglar: ZF-UZ-VAC2001 vaksina
SSV: Xorazmlik ayolning ahvoli og`irlashgani vaksina bilan bog`liq emas

Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyatida vaksina olgandan so`ng ahvoli og`irlashgan fuqaro haqida videolavha tarqalgach, Sog`liqni saqlash vazirligi ushbu vaziyatni nazoratga olganligi, uning ahvolini o`rganish, bu holat nima sababdan yuz berganiga aniqlik kiritish maqsadida tezkor mutaxassislar guruhi tuzilganligi yuzasidan xabar bergan edik.

Dastlabki ma`lumotlarga qaraganda, videolavhada tilga olingan fuqaro S.Yo. 30 yoshda bo`lib, ilgari meningit belgilari bilan muolaja olgan, gepatit “S” va ikkala ko`z miopiya engil darajasi tashxisi bilan dispanser nazoratida turgan.

Fuqaro S.Yo. 2021 yil 27 avgust kuni shifokor ko`rigidan o`tkazilib, vaksina olishga qarshi ko`rsatma bo`lmaganligi sababli koronavirusga qarshi emlangan va oilaviy shifokor kuzatuvida bo`lgan. Vaksina olgandan keyin hech qanday nojo`ya ta`sirlar kuzatilmagach, akasi S.O.ning uyiga ketgan.

Shu kuni tungi soat chamasi 21:17larda S.Yoda umumiy holsizlik, qo`l-oyoq tortishishi, nafas qisishi kabi belgilar kuzatilgan va shundan so`ng fuqaroning yaqinlari tez tibbiy yordamga murojaat qilgan. Tibbiy brigada tomonidan S.Yoga “Vegetotomir distoniyasi” dastlabki tashxisi qo`yilib, unga birinchi tibbiy yordam ko`rsatilgan.

So`ng S.Yo. tekshiruv va davolash uchun Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Xorazm filialiga olib borilgan. U davolash muassasasi qabul bo`limida nevropatolog shifokor tomonidan tibbiy ko`rikdan o`tkazilib, belgilangan standartlar asosida zarur tibbiy yordam ko`rsatilgan va kuzatuvda bo`lishi tushuntirilgan. Biroq, fuqaro shifoxonada yotishdan bosh tortgan.

Videomurojaatda ko`zi ko`rmay qolganligi qayd etilgan S.Yo. mazkur davolash muassasasi qabulxonasiga tez yordam mashinasidan mustaqil tushib, shifokor qabuliga o`zi yurib kirganligi va yurib chiqib ketganligi videolavhada aytilgan so`zlar haqiqatga mos kelmasligini ko`rsatadi.

Bundan tashqari, bugun Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori G`ayrat Qoriev boshchiligidagi neyroxirurg, infeksionist, nevropatolog, oftalmolog va immunolog kabi qator mutaxassislar S.Yo.ni yana bir bor tibbiy ko`rikdan o`tkazgan. Ko`rik davomida S.Yo.ning ahvoli qoniqarli, nafas olishi va yurak urishi me`yoridaligi ma`lum bo`lgan. Qolaversa, uning ko`z tubida patologik o`zgarishlar aniqlanmagan. Ayni paytda S.Yo. o`zini yaxshi his qilmoqda.

Tibbiy ko`rikdan o`tkazgan bosh mutaxassislarning yakuniy xulosalariga ko`ra, fuqaro S.Yo.ning bir kun avvalgi sog`lig`idagi o`zgarishlar emlash bilan bog`liq emasligi oydinlashgan.

Shu o`rinda ta`kidlash lozimki, bugungi kunda mamlakatimizga olib kelinayotgan va butun dunyoda qo`llanilayotgan koronavirusga qarshi vaksinalar bo`yicha ma`lum qarshi ko`rsatmalar bo`lib, eng asosiy mone`liklardan biri bu - anafilaktik shok hisoblanadi. Ushbu holat avval boshqa dorilar yoki vaksinaga nisbatan qandaydir reaksiyalar va anafilaktik shok yuz bergan bemorlardagina kuzatilishi mumkin. Boshqa hech bir insonda bunday noxush holat ro`y bermaydi.

Buning isboti sifatida ayni paytgacha dunyoda 5 milliardga yaqin odam, mamlakatimizda esa 14 millionga yaqin vaksina dozasi qo`llanilgan bo`lsa, tibbiy kuzatuvlar natijasida birorta insonda anafilaktik shok kuzatilmagan. Emlashdan keyingi yuz beruvchi holatlarning barchasi engil va o`rta darajadagi o`zgarishlar bo`lgan. Bular - xolsizlik, mushaklar va suyaklarda og`riqlar, isitmaning biroz ko`tarilishi hamda ineksiya qilingan joyda og`riq paydo bo`lishidir. Ushbu o`zgarishlar ham qisqa vaqtda o`tib ketadigan holatlar hisoblanadi.

Qolaversa, yuqorida ta`kidlanganidek, vaksina qilishga eng asosiy mon`eliklardan biri hisoblangan anafilaktik shok holati vaksina qilingandan keyin 30 daqiqa ichida ro`y berishi mumkin. Xorazmlik S.Yo. esa emlashdan avval hamda vaksina olgandan so`ng tibbiy ko`rikdan o`tkazilgan va hech qanday salbiy ta`sirlar kuzatilmagandan so`nggina uyiga ruxsat berilgan.

Agar S.Yo.ning sog`ligidagi salbiy o`zgarishlar chindan ham vaksina bilan bog`liq bo`lganida, unda 30 daqiqa ichida anafilaktik shok yoki bir nuqtaga qarab, qotib qolish holati kuzatilgan bo`lardi. Biroq ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhada ko`rish mumkinki, S.Yo.ning es-xushi joyida, yon-atrofidagi gap-so`zlarni eshitib, tushunib turibdi, hech qanday sudurgi holatlari yo`q.

Yana shuni aytish lozimki, vaksinalarning o`zi hech qachon va hech qanday kasallikni chaqirmaydi. Shuningdek, vaksinasiyadan keyingi salbiy holatlar hech qachon bir marta yoki bir odamdagina kuzatilmaydi, aksincha bir nechta odamda va jamoaviy ro`yxatga olinadi. Shu ma`noda olib aytsak, fuqaro S.Yo.ning sog`ligidagi o`zgarishlar emlash bilan bog`liq emas.

Shunday ekan yurtdoshlarimizdan koronavirusga qarshi emlash tadbirlariga to`g`ri munosabatda bo`lishlarini, vaksina haqida fikr bildirishdan avval masalaga mulohaza bilan yondoshishlarini, ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlaridan kimnidir obro`sizlantirish, aholi o`rtasida emlash bo`yicha noto`g`ri tassavvur uyg`otish maqsadida foydalanmasliklarini so`rab qolamiz. Zero, bugun davlatimiz xalqning salomatligi yo`lida barcha kuch va imkoniyatni ishga solayotgan bir paytda bunday holatlarga yo`l qo`ymaslik, aksincha o`zimiz va yaqinlarimiz salomatligi yo`lida emlanish barchamiz uchun eng to`g`ri yo`ldir.

Eslatib o`tamiz, “COVID-19”ga qarshi samarali kurashish, aholini koronavirusdan asrash maqsadida joriy yil 1 apreldan boshlab mamlakatimizda ommaviy emlash tadbirlari yo`lga qo`yildi. E`tiborlisi, o`tgan vaqt davomida yurtimizda qo`llanilayotgan vaksinalar bilan emlangan aholi vakillarida birorta ham jiddiy salbiy ta`sir kuzatilmagan.

Sharhlar

O`zbekiston-Xitoy hamkorligida yaratilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksina nega 3 dozada olinadi?

09.04.2021, 11:50

«Zhifei Loncom Biofarmaceutical» kompaniyasi mutaxassisi, olim Lui Peng Fey O`zbekiston–Xitoy hamkorligida yaratilgan vaksina nega 3 dozada olinishiga izoh berdi.Olimning so`zlariga ko`ra, vaksinasining birinchi dozasini olgandan...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1