Ko`ksaroy qarorgohida bir guruh yurtdoshlarimizga faxriy unvonlar, orden va medallarni topshirish marosimi davom etmoqda.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev atoqli olim, mohir tarjimon Ibrohim G`ofurovning xalq manfaatlari yo`lidagi ko`p yillik samarali va ibratli faoliyati, fidokorona mehnati haqida fikr bildirgan.
«Men «Boburnoma»ni ko`p o`qishga, bobomizning hayot yo`lini o`rganishga harakat qilaman. Bilasizlarmi, Boburda umuman halovat bo`lmagan. Uning hayot yo`li mashaqqatlar va kurashlarda o`tgan, faqat mehnat qilgan. Ibrohim akaning ham hayotida halovati bo`lmagan, umri mehnatda o`tgan. Hozirga adabiyot sohasidagi barcha yozuvchi va shoirlarimiz bu insonni ustoz deydi. Bu insonga halollik va poklik bo`yicha munosib bo`lishga harakat qiladi.
Ochiq gap, men Erkin Vohidov va Abdulla Oripov bilan do`st edim. Abdulla Oripov bilan Zomin maktabini tashkil qilgan edik. Erkin Vohidov bilan esa kechalari ham gaplashardik. Erkin akaning bir gaplari bo`lar edi: «Agar o`zbek tilining buyukligini bilishni xohlasang, Ibrohimjondan so`rash kerak», — derdi. Sevib gapirardilar. Ibrohim aka adabiyotimizning ana shunday zabardast namoyandasi.
Ibrohim akaga o`xshagan halol insonlar bizga o`rnak bo`lishi kerak. Hayotda, mehnatda, umrda. Bitta stol, ruchka va bitta xona. Boshqa biror narsani bu inson o`zi uchun ep ko`rmagan. Mana shunday inson, albatta, O`zbekiston Qahramoni bo`lishiga loyiq.
So`nggi yillarda yozuvchilar va shoirlarni qo`limizdan kelganicha qo`llab-quvvatlayapmiz. Ularni o`z binosi ham yo`q edi, ijarada turishardi, mana, Vatanli bo`lishdi.
Adiblar xiyoboni tashkil qildik. Bu ham bejiz emas. O`zligimizni anglamoqchi bo`lganlar shu xiyobonga kelib ko`rsin, nurli bo`lib turgan Navoiy bobomizga qarasin. Nima uchun Navoiy bobomizni ham qiblaga qaratib, o`zgartirdim. Chunki buni tagida ham ilohiy kuch bor», — prezidentning so`zlaridan iqtibos keltirmoqda O`zA