O`zbekiston Prezidentining «Jizzax shahrida Qozon Federal universiteti filiali faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarori e`lon qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Qarorga ko`ra, Jizzax shahrida Qozon federal universiteti filiali xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy ta`lim dasturlari asosida chuqur fundamental va ilmiy-amaliy bilimga ega yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, hududiy innovasion-ta`lim tarmog`ini yaratish, raqamli ta`lim tizimini shakllantirish hamda ish beruvchilarning oliy ma`lumotli mutaxassislarga bo`lgan ehtiyojlarini qondirish maqsadida tashkil etilmoqda.
Filialda geologiya, dasturiy injiniring, iqtisodiyot, mashinasozlik, davolash ishi, stomatologiya, farmasiya, tibbiy biokimyo bakalavriat ta`lim yo`nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo`yicha kadrlar tayyorlanadi.
Davlatimiz rahbari qaroriga binoan, filial Qozon federal universitetining (Rossiya) yuridik shaxs maqomiga ega bo`lgan tarkibiy bo`linmasi hisoblanadi. Kadrlar tayyorlash kunduzgi, sirtqi va boshqa ta`lim shakllarida olib boriladi. Filialda ta`lim faoliyati 2022/2023 o`quv yilidan boshlanadi. Qabul parametrlari manfaatdor vazirlik va idoralarning kadrlarga bo`lgan real ehtiyojini hisobga olib filial tomonidan tasdiqlanadi.
Hujjatda talabalarni o`qishga qabul qilish davlat granti hamda to`lov-kontrakt asosida amalga oshirilishi belgilangan. Bunda davlat granti asosida ta`lim olgan filial bitiruvchilari 3 yildan kam bo`lmagan muddat majburiy ishlab berish sharti bilan O`zbekistonning davlat organlari va tashkilotlariga taqsimlanadi. Bitiruvchilarga O`zbekiston va Rossiya oliy ma`lumot sifatida tan olinadigan universitetning belgilangan namunadagi diplomi beriladi.
2021/2022 o`quv yilidan universitet O`zbekiston Milliy universitetining Jizzax filiali bilan hamkorlikda «Dasturiy injiniring», «Farmasiya» va «Axborot tizimlari va texnologiyalari» ta`lim yo`nalishlari bo`yicha kadrlar tayyorlashni boshlaydi hamda mazkur yo`nalishlarda o`qishga qabul qilingan talabalar kelgusida o`qishlarini filialda davom ettiradi.
Qarorda, shuningdek, 2022 yil yakunigacha filial tarkibida «OpenLab» ilmiy-tadqiqot laboratoriyasini tashkil etish vazifasi ham o`z ifodasini topgan.






