Avval xabar berganimizdek, “Yangi O`zbekiston” bog`ida davlatimiz mustaqilligining 30 yilligiga bag`ishlangan bayram tadbiri davom etmoqda.
Davlatimiz rahbari bayram tadbirida bu yil bo`lib o`tishi kutilayotgan Prezident saylovining ahamiyati haqida alohida to`xtalib o`tdi.
– Shu yil 24 oktyabr kuni mamlakatimizda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo`lib o`tadi. So`nggi besh yil mobaynida mamlakatimiz milliy saylov qonunchiligida jiddiy o`zgarishlar yuz berdi. Nufuzli xalqaro ekspertlar ta`kidlaganidek, yangi O`zbekistonda saylov qonunchiligini izchil takomillashtirish hamda saylovlarni o`tkazish amaliyoti sifat jihatidan yangi pog`onaga ko`tarildi.
Bu galgi Prezident saylovlari ilk bor 2019 yilning 25 iyunida qabul qilingan Saylov kodeksi asosida bo`lib o`tadi. Bu saylov barchamiz uchun O`zbekistonning kelgusi taraqqiyoti qanday yo`ldan boradi, farzandlarimiz, oilamiz, mamlakatimiz kelajagini qanday barpo etamiz, degan hal qiluvchi savollarga javob beradigan g`oyat muhim siyosiy tadbirdir, – dedi Prezidentimiz.
Tantanali bayram tadbiri davom etmoqda.






