Namangan viloyatida “VAZ-2106” avtomobili ariqqa tushib ketishi oqibatida 55 yoshli haydovchi vafot etdi. Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, joriy yil 24 avgust kuni soat 16:00 da Haqqulobod—Uchqo`rg`on yo`lining 12-kilometrida Uychi tumanida yashovchi, 1966 yilda tug`ilgan fuqaro Namangan shahrida yashovchi, 1962 yilda tug`ilgan fuqaro nomida bo`lgan “VAZ-2106” rusumli avtomashinani ishonch qog`ozi bilan boshqarib borayotganida, harakat xavfsizligini ta`minlay olmay, yo`lning o`ng tomoniga chiqib ketgan. Oqibatda boshqaruvni yo`qotib, ariqqa ag`darilgan.
Baxtsiz hodisa natijasida, haydovchi bosh miya yopiq shikasti, boldir suyagining yopiq sinishi tashxisi bilan tan jarohati olib, shifoxonada ko`rsatilgan tez tibbiy yordamga qaramay, vafot etgan.
Mazkur holat bo`yicha hozirda Uchqo`rg`on tuman IIB huzuridagi tergov bo`limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam o`limiga sabab bo`lgan transport boshqarish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.






