Yoshlarga doimiy e`tibor va g`amxo`rlik ko`rsatish, yigit-qizlarimizga o`z qobiliyati va salohiyatini to`la namoyon etishi, hayotda munosib o`rnini topishi uchun qulay ijtimoiy muhit, munosib sharoitlarni yaratib berish davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev yuritayotgan siyosatning eng ustuvor yo`nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu haqda so`z yuritganda, keyingi yillarda mamlakatimiz aholisining salmoqli qismi yashayotgan qishloq va ovullar, olis, chekka va ko`pmillatli mahallalardagi yoshlar taqdiriga, ularning buguni hamda kelajak istiqboliga bo`lgan munosabatda keskin, ta`bir joiz bo`lsa, tarixiy burilish yuz berganini alohida ta`kidlab aytish har jihatdan o`rinli bo`ladi.
Prezidentimiz topshirig`iga asosan Favqulodda vaziyatlar vazirligi ishtirokida yangicha yondashuv va ilg`or texnologiyalarga tayangan holda hayotga tatbiq etilayotgan yirik ijtimoiy loyiha ham Jizzax viloyatining Zomin tumanidagi Pishog`ar hamda Sharof Rashidov tumanidagi Ravot aholi maskanlaridagi yuzlab qishloq yoshlari, ularning oilalari hayotiga ro`shnolik olib kirayotgani bilan chuqur ma`no-mazmun kasb etmoqda.
Gap shundaki, yoshlar o`rtasida ishsizlik darajasi yuqori, sug`oriladigan ekin maydonlari aholi soniga taqsimlaganda anchagina kam bo`lgan mazkur hududlarda asrlar davomida bo`sh yotgan erlar o`zlashtirilib, undan rizq-ro`z undirilmoqda, shuning yordamida biri-biriga zanjir xalqalaridek uzviy bog`liq bo`lgan o`tkir muammolarga kompleks echim topilmoqda.
Zomin tumanining Pishog`ar qishlog`i hududidagi bamisoli moviy dengizdek bir tekis mavjlanib turgan mana bu yam-yashil jo`xorizorlar o`rni bundan atigi 4-5 oy ilgari ham qup-quruq dasht edi, desangiz, ko`pchilik ishonmasligi mumkin. Ammo hududning tabiiy iqlim sharoiti, tuproq tarkibi va geologiyasi e`tiborga olingan holda aniq hisob-kitob asosida boshlangan ezgu ishlar bugun o`zining ilk natijasi bilan ko`rgan ko`zni quvontirmoqda.
Loyiha doirasida ajratib berilgan 300 gektar erning 140 gektarida qo`sh qator usulida ekilgan makkajo`xori o`stirilmoqda. Davlatimiz rahbarining qishloq xo`jaligi ekinlarini sug`orishda suvni tejovchi zamonaviy usullarni amalda qo`llashni kengaytirishga qaratilgan farmon va qarorlari asosida tomchilatib sug`orishdan foydalanilmoqda.
Eng muhimi, mazkur sa`y-harakatlar avvalambor qishloq yoshlarini qo`llab-quvvatlashga qaratilgan bo`lib, jo`xori maydonining 50 gektari vazirlik o`z otalig`iga olgan 200 nafar pishog`arlik yoshlarning 100 nafariga 50 sotixdan taqsimlab berilgan.
E`tiborlisi, yangi erlarni o`zlashtirish, unga ishlov berish, urug`lik sotib olish va ekish, tomchilatib sug`orish texnologiyasini joriy qilish, ekinni mineral o`g`itlar bilan oziqlantirish, zararkunanlardan himoya qilish kabi masalalar bilan bog`liq xarajatlar davlat tomonidan qoplanmoqda. Shu tariqa zominlik yoshlar unumdor zaminda dehqonchilik bilan shug`ullanish orqali doimiy ish o`rniga ega bo`ldi. Joriy yilning o`zida yosh mirishkorlar o`zlariga tegishli erda oliy navli makkajo`xori etishtirib, o`rtacha 7-8 tonnadan hosil olishi va har biri o`rtacha 25 million so`mdan daromad qilishi rejalashtirilgan.
Barakali hosil ko`tarish ko`p mezon va omillarga bog`liq albatta. Lekin sifatli urug`lik ularning ichida eng muhimi, desak, mubolag`a bo`lmaydi. Shu boisdan ham yangi o`zlashtirilgan maydonlarga makkajo`xori urug`chiligi bo`yicha dunyodagi etakchi mamlakatlardan keltirilgan sifatli va yuqori navli urug` qadalgan bo`lib, bo`lg`usi hosil cho`g`i baland bo`lishini ekin rivojining hozirgi holatidan ham bilish mumkin.
Aytgancha, yosh dehqonlar faoliyatining dastlabki yilida hosilni yig`ib, yanchib olishda ham amaliy yordam ko`rsatish ko`zda tutilgan. Bu, o`z-o`zidan ravshanki, ijtimoiy daftarlarda turgan yigit-qizlar uchun yana bir sezilarli madad bo`ladi. Davlatimiz rahbari tomonidan ko`rsatilayotgan ana shunday g`amxo`rlik tufayli ko`plab oilalar ro`zg`origa baraka kiradi, yoshlarimiz o`z ishini yanada kengaytirishi uchun yaxshigina boshlang`ich sarmoyaga ega bo`ladi.
Bugungi kunda esa ulardan talab etiladigani bitta. Yaratib berilgan bunday imkoniyatlardan unumli foydalanish, o`z erining haqiqiy egasiga aylanish, dehqonchilik sir-asrorlarini puxta egallab, mustaqil faoliyat yuritish, farovon kelajak uchun mustahkam asos yaratish talab etiladi xolos.
Bu haqiqatni yaxshi anglagan yoshlarning qadam olishi yaxshi. Boy hayot va mehnat tajribasiga ega nuroniylar, o`z sohasida maktab yaratgan faxriy mutaxassislar bilan jonli muloqotlar, ularning pandu-nasihati, maslahat va yo`l-yo`riqlari esa faqat bugun emas, kelajakda ham foyda beradi.
Etmish yoshdan oshgan faxriy pedagog va agronom Mirzoulug` Haydarov viloyatda ko`pchilikka yaxshi tanish. Uzoq yillar talabalarga ta`lim bergan, ziroatchilikda katta amaliy maktabga ega otaxon bilan suhbat har doim qiziqarli kechadi.
Yosh dehqonlarning boshqa tengdoshlari bilan bevosita dalaning o`zida kechadigan muloqot va uchrashuvlari ham ularga o`zgacha ruh va ko`tarinki kayfiyat baxsh etadi.
Suv – bu tiriklik asosi, hayot manbai. Qo`riq erni o`zlashtirish jarayonida 8 ta artezian quduq qazilib, obi-hayot chiqarildi. Uzunligi 200, eni 80 metrlik suv havzasi barpo etilib, avval dehqonchilik uchun umuman sharoit bo`lmagan hududda kafolatli suv ta`minoti tizimi yaratildi. Mazkur suv inshootida to`plangan suv zarur mineral o`g`itlar bilan to`yintirilib, so`ng dalaga yo`naltiriladi. Mamlakatimiz rahbari tomonidan bu sohada qator imtiyoz va imkoniyatlar yaratib berilgani ishlarning tez fursatda sifatli amalga oshirilishiga zamin bo`ldi. Kelgusida mazkur hududlarda shu singari yana kamida 10 ta hovuz barpo etish mo`ljallanmoqda.
E`tirof etish o`rinliki, suv havzasi qurilishi bilan hamohang Pishog`or hududidagi Qangli, Pishog`or, Yoshlik, Sho`rcha, Arja, G`ulba, Mo`g`ol, Quduqcha, Achchi, Uzun, Qizilsoy, Baxmatchoy, Sharof Rashidov tumanining Ravot hududidagi Ravot, Nonisangil, Umar kabi qishloqlari hayotida beqiyos o`zgarishlar ro`y berdi. Yo`l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikasiya tarmoqlari, uy-joylar, ijtimoiy soha ob`ektlarini rivojlantirish bo`yicha olib borilgan keng ko`lamli amaliy tadbirlar mahalla va oilalarga yangi havo olib kirdi. Umuman, qurilish-ta`mirlash, obodlik ishlari bajarilmagan ko`cha yoki xonadonning o`zi qolmadi.
Obod manzillarni aylanib, yana suv bo`yiga qaytamiz. Nega deganda, bu kabi suv havzalari faqat qishloq xo`jaligi maqsadlari va bandlikni ta`minlash nuqtai nazaridan emas, balki qishloqlarning umumiy qiyofasini o`zgartirish, hudud ahli, ayniqsa, qishloq yoshlari uchun munosib hordiq chiqarish, bo`sh vaqtni mazmunli tashkil etish nuqtai nazaridan ham juda muhim ahamiyatga ega.
E`tibor bergan bo`lsangiz, suv atrofida go`zal manzara paydo bo`ldi. Biyday adirlar o`rtasida odamlar miriqib dam oladigan maskan bo`y ko`rsatdi. Ushbu manzil ilk kunlardanoq rang-barang tadbir va anjumanlar, uchrashuv va sayillar o`tkaziladigan, uch avlod vakillarini birlashtiradigan nuqtaga aylandi.
Yosh ziroatchilar va faxriylarning uchrashuvi miqyos va mazmun jihatidan kengayib, mustaqilligimizning 30 yilligiga bag`ishlangan bayramga, Pishog`ar va Ravot yoshlari festivaliga aylanib ketdi. Jizzaxdan Zomin tomon yoki Zomindan Jizzaxga katta yo`ldan o`tayotganlar albatta to`xtab, go`zal manzarani tomosha qilishga oshiqdi. Aholining barcha toifasiga mansub yurtdoshlarimiz, O`zbekiston Qahramonlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, milliy madaniy markazlar faollari, mehnat faxriylari, talaba va o`quvchi yoshlar, umuman, keyingi yarim yil ichida hududda ro`y bergan yangilanishlardan ruhlangan kishilar yangi sayilgohda jam bo`ldi.
Shu kuni ushbu go`zal maskan milliy qadriyatlarimiz, boy madaniyat va san`atimiz, saxovatli zaminimiz ne`matlari, xalqimiz turli sohalarda erishayotgan ulkan yutuqlar, davlatimiz rahbari ilgari surgan besh muhim tashabbus berayotgan natijalar, yurtimizda hukm surayotgan o`zaro hamjihatlik, millatlararo totuvlik bor bo`y-basti bilan namoyon bo`lgan katta sahna tusini oldi.
Bayram ishtirokchilari Pishog`ar va Ravot qishloqlaridagi o`zgarishlarga bag`ishlangan hujjatli film bilan tanishishdi. Yoshlar festivali ishtirokchilarining mamlakatimiz yoshlariga murojaati o`qib eshittirildi.
Yoshlar festivali, 3 avlod uchrashuvi, millatlar aro do`stlik tantanasi Zomindan to Ravotgacha bo`lgan qishloqlarda yashab kelayotgan keksa yu yosh barchani barpo etilgan go`zal va fayziyob maskandagi saylga jamladi.
Vatanparvarlik, do`stlik, milliy qadriyatlarni tarannum etuvchi kuy-qo`shiqlar tun yarmiga qadar davom etdi. Yuz yillar davomida qaqrab yotgan tuproqninig bag`riga obi hayot kelib rizq ro`zimiz barq urib bo`y ko`rsatgani kabi, bu tantanalar qishloq yoshlarining ong u shuuriga, ruhiyatiga yangi nafasni olib kirdi. Odamlarning tafakkurida yangi maqsadlar urug`ini qadadi desak mubolag`a bo`lmaydi.
Yoshlar yaratilayotgan sharoitlardan ruhlangan holda ulardan samarali foydalanishni niyat qilishyapti. Keksalar esa bunday dorulomon kunlarga shukrona aytib, kelajak egalariga oq yo`l tilab, bildirilgan ishonchga munosib bo`lishni ta`kidlashdi. Bu kabi bayramlar, xayrli ishlardan maqsad bir, odamlarni bugunidan rozi bo`lib, ertangi kuniga bo`lgan ishonchini mustahkamlashdan iborat.






