Prezident Shavkat Mirziyoev ishtirokida Islom taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 46-yillik yig`ilishi boshlandi.
"Darakchi" muxbiri Sardorbek Rahmonqulovning xabar berishicha, tadbir avvalida raislik qiluvchi davlat madhiyasi va Qur`on oyatlari yangragan.
Ayni vaqtda davlatimiz rahbari anjumanda nutq so`zlamoqda:
“Bankning yillik anjumani Toshkentda o`tkazilishi o`ziga xos ramziy ma`noga ega.
Biz buni O`zbekistonning islom dunyosi rivojiga qo`shgan hissasi, shuningdek, mamlakatda so`nggi besh yil davomida olib borilayotgan izchil islohotlarning e`tirofi, deb hisoblaymiz.
O`zbek xalqining buyuk ajdodi, butun musulmon olamining ulug` namoyandasi Imom Al Buxoriy hazratlari jamlagan “Sahihi Buxoriy” kitobida zikr etilgan hadisi sharifda aytilganidek, “Albatta, amallar niyatga bog`liqdir”.
Barchamiz xolis niyat qilgan ekanmiz, Yaratganning marhamati bilan bugun Islom taraqqiyot banki guruhining yillik uchrashuvini jonli ravishda o`tkazishga muvaffaq bo`layapmiz.
Ta`kidlash joizki, mazkur tadbir pandemiya boshlangandan beri dunyodagi xalqaro moliyaviy institutlar orasida birinchi bo`lib tashkil etilgan nufuzli anjumandir".
Davlatimiz rahbari Islom taraqqiyot bankining barcha a`zo davlatlari vakillari nomidan Muhammad Al-Jassirni bank Prezidenti lavozimida ish boshlagani bilan tabrikladi va yurtimiz bilan hamkorlik faoliyatining muhim qismiga aylanishiga ishonch bildirdi.






