Avval xabar berilganidek, Prezident Shavkat Mirziyoev ishtirokida o`tkazilayotgan Islom taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 46-yillik yig`ilishi ayni paytlarda davom etmoqda.
"Darakchi" muxbiri Sardorbek Rahmonqulovning xabar berishicha, Prezident Shavkat Mirziyoev yurtimizning islom dunyosi bilan ko`p asrlik aloqalariga alohida to`xtalib o`tdi.
"Ma`lumki, O`zbekiston Respublikasi Islom taraqqiyot bankiga bundan 18 yil avval a`zo bo`lgan. Ayni vaqtda yurtimizning Islom dunyosi bilan aloqalari ming yildan ziyod tarixga egadir.
Asrlar davomida O`zbekiston zamini musulmon olamining buyuk va noyob madaniyati, ilm-fani va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining markazlaridan biri bo`lganidan sizlar albatta xabardorsiz.
Qadimiy O`zbekiston – ya`ni, Movarounnahr diyori islom dunyosining yuksak madaniyati va sivilizasiyasi rivojiga unutilmas hissa qo`shgan alloma va mutafakkirlar yurtidir.
Buxorolik buyuk ulamo – imom Ahmad ibn Hafs Kabir Buxoriy va uning butun dunyoga tanilgan shogirdlari, imom Al-Buxoriy va imom At-Termiziy asarlarining islom falsafasi ilmiy-nazariy asoslarini yaratishdagi ahamiyati beqiyosdir.
Buxoroi sharif musulmon olamida “Qubbat-ul islom”, ya`ni, “Islom dinining gumbazi” nomi bilan ma`lum va mashhurdir.
“Jorulloh” (“Allohning qo`shnisi”) degan sharafli nom bilan ulug`langan Xorazmlik alloma Mahmud Az-Zamahshariy arab tili grammatikasi rivojiga ulkan hissa qo`shganligi sizlarga yaxshi ma`lum, deb o`ylayman.
Makkai mukarramadagi “Masjid ul-Haram” yaqinida yashagan bu benazir olimning grammatikaga oid “Al-Mufassal” asari, arabcha-forscha lug`at kitobi Sharq davlatlari oliygohlarida ko`p asrlar mobaynida asosiy darslik va qo`llanma vazifasini bajargan", - deya tarixdan faktlarni keltirdi Prezident.