O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2 sentyabr kuni Toshkent shahrida o`tayotgan Islom taraqqiyot banki (ITB) Boshqaruvchilar kengashining 46-yillik yig`ilishi doirasida mamlakatimizda bo`lib turgan Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad bin Sulaymon Al-Jassirni qabul qildi.
Uchrashuv avvalida ITB prezidenti davlatimiz rahbari va O`zbekiston xalqini mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi bilan samimiy qutlab, bardavom taraqqiyot, farovonlik va ravnaq tiladi.
Pandemiya boshlanganidan buyon ilk bor Bankning eng muhim tadbiri shu kunlarda poytaxtimizda jonli ravishda o`tkazilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Yuqori darajadagi ushbu forumda ITBga a`zo mamlakatlar hukumatlari vakillari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, ishbilarmon doiralar va nufuzli ekspertlar, ommaviy axborot vositalari ishtirok etmoqda. Onlayn va offlayn shakldagi tadbirlarda 4,5 ming nafarga yaqin delegat qatnashmoqda.
O`zbekiston etakchisi Muhammad Al-Jassirni ITB prezidenti lavozimiga saylangani bilan yana bir bor tabrikladi.
Ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Davlatimiz rahbari ITB bilan sheriklikning izchil kengayib borayotganini yuksak baholab, Bank O`zbekistondagi keng ko`lamli islohotlarning yangi dasturini qo`llab-quvvatlayotgani va uni ilgari surishga muhim hissa qo`shayotganini alohida qayd etdi.
Bugungi kunda amaliy hamkorlik portfeli transport, uy-joy kommunal infratuzilma, energetika, qishloq va suv xo`jaligi, sog`liqni saqlash, ta`lim, tadbirkorlik va boshqa ustuvor yo`nalishlarni qamrab olgan qiymati 2,5 milliard dollarga yaqin bo`lgan 29 ta loyihadan iborat.
Uchrashuvda ko`p qirrali sheriklikni kengaytirish istiqbollariga alohida e`tibor qaratildi.
Bu borada 2022-2025 yillarga mo`ljallangan yangi hamkorlik dasturini tez fursatda qabul qilish va amalga oshirish hamda Toshkent shahrida Bankning to`laqonli vakolatxonasini ishga tushirish, moliyalashtirish instrumentlari samaradorligini oshirish muhim ekani ta`kidlandi.
Yangi tashkil etilayotgan O`zbekistonning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish jamg`armasi faoliyati xususiy tadbirkorlik tashabbuslarini qo`llab-quvvatlash, yangi ish o`rinlarini yaratish, aholi, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlar farovonligini oshirish uchun samarali mexanizm bo`lib xizmat qilishiga umid bildirildi.
O`zbekiston va ITB o`rtasidagi strategik sheriklik va keng ko`lamli hamkorlikni rivojlantirish maqsadida o`zaro yaqindan ishlash va faol muloqotlarni davom ettirishga kelishib olindi.






