Avval xabar berilganidek, Shavkat Mirziyoev ishtirokida o`tkazilayotgan Islom taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 46-yillik yig`ilishda Davlatimiz rahbari bank faoliyatini takomillashtirish borasidagi fikr va takliflarini bayon qildi. Bu haqda "Darakchi" muxbiri Sardorbek Rahmonqulovning xabar berdi.
"Bugungi kunda dunyo mamlakatlari iqlim o`zgarishi, yirik migrasion jarayonlar, tabiiy, energetika va oziq-ovqat resurslarining etishmovchiligi kabi jiddiy sinovlarga duch kelmoqda.
Bu xavf-xatarlarni samarali engish uchun Bankning a`zo mamlakatlari innovasiya va texnologiyalarni rivojlantirish va joriy qilish masalalarida keng qamrovli hamkorlik o`rnatishi lozim.
Biz Islom taraqqiyot bankining ushbu jarayonlarga to`laqonli etakchilik qilish salohiyatiga ishonamiz. Shundan kelib chiqib, Bankimiz faoliyatini quyidagi yo`nalishlar bo`yicha takomillashtirish zarur, deb hisoblaymiz.
Birinchidan, “G`arbiy Afrikadan Sharqiy Osiyogacha – Yashil koridor” nomli savdo-iqtisodiy makonni shakllantirish Konsepsiyasini ishlab chiqishni taklif etamiz. Ayniqsa, bu pandemiya davrida g`oyat katta ahamiyatga ega.
Konsepsiyaning ro`yobga chiqarilishi o`zaro savdo va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirishga, mamlakatlarimizning barqaror o`sishiga va iqtisodiy jihatdan birlashishiga xizmat qiladi.
Ikkinchidan, Xalqaro islom savdo-moliya korporasiyasi hamda Investisiyalar va eksport kreditlarini sug`urtalash islom korporasiyasi tomonidan moliyaviy instrumentlarni kengaytirish lozim.
Bu sa`y-harakatimiz erkin savdoni rag`batlantirish, investisiyaviy xatarlarni sug`urtalash, transport va logistika infratuzilmalarini rivojlantirishga munosib hissa qo`shadi.
Uchinchidan, davom ettirdi Prezidentimiz, “post-kovid” davrida a`zo mamlakatlar iqtisodiyotlari rivojlanishiga innovasion tus berish juda muhim masaladir.
Jumladan:
- Islom taraqqiyot bankining fan, texnologiya va innovasiyalar jamg`armasining salohiyati va imkoniyatlaridan to`liq foydalanish;
- qishloq xo`jaligiga ilg`or ishlanmalarni joriy qilish orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash;
- qayta tiklanadigan energiya va ekologik texnologiyalarning qo`llanishini kengaytirish asosida “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish ayniqsa dolzarbdir.
To`rtinchidan, mintaqaviy ahamiyatga ega investision va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishni kengaytirish darkor.
Biz bu bilan mamlakatlarimizning o`zaro bog`liqligini yanada mustahkamlashga erishamiz.
Beshinchidan, yangi yo`nalishlarni moliyalashtirish maqsadida, a`zo mamlakatlar tomonidan Islom taraqqiyot banki kapitalini oshirish bo`yicha avval qabul qilingan qaror ijrosini tezkor ravishda ta`minlashimiz zarur.
Hech shubhasiz, bugungi xalqaro anjumanimiz tarixiy ahamiyatga ega, va Bank doirasidagi sherikligimizni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi va a`zo mamlakatlar xalqlarining umumiy farovonligiga katta hissa qo`shadi", – dedi prezident.
Davlatimiz rahbari so`zining yakunida anjuman ishtirokchilariga yangi yutuqlar, yig`ilish faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.






