Tataristonning Qozon shahrida bo`lib o`tayotgan “Tatariston neft va gaz-kimyo forumi–2021” doirasida “O`zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev “Tatneft” kompaniyasi Bosh direktori Nail Maganov bilan uchrashib, neft ishlab chiqarish, neft-kimyo sohasidagi hamkorlik borasida muzokara o`tkazdi. Bu haqda “O`zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ushbu uchrashuv Tatariston Respublikasi Prezidenti Rustam Minixonovning O`zbekiston Respublikasiga tashrifi (joriy yilning 16-17 iyun kunlari), shuningdek, “O`zbekneftgaz” AJ delegasiyasining Tatariston Respublikasiga tashrifi davomida (2021 yil 23-26 iyun kunlari) belgilangan kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida o`tkazildi.
Boshqaruv raisi “O`zbekneftgaz” AJ mutaxassislarining malakasini oshirish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, yoqilg`i quyish shoxobchalari tarmog`ini yaratish va kichik tonnali gaz kimyosi bo`yicha loyihalarni amalga oshirish bo`yicha imzolangan “Yo`l xaritasi” doirasidagi masalalar muhokamasiga e`tibor qaratdi.
Bundan tashqari, geologik-qidiruv, quduqlarni qayta ishlash, quduqlarni burg`ilash, kadrlar tayyorlash, ishlab chiqarish masalalari ham muhokama qilindi.
Ta`kidlash joizki, “Tatneft” kompaniyasi–neft va gaz qazib olish, neftni qayta ishlash, neft-kimyo, shinalar majmuasi, yoqilg`i quyish shoxobchalari tarmog`i, energetika, ishlab chiqarish borasida nafaqat Rossidagi, balki jahondagi yirik neft kompaniyalaridan biridir.
“O`zbekneftgaz” AJ va “Tatneft” kompaniyasi ko`p yillik hamkorlik tajribasiga ega bo`lib, yillar davomida bir qancha o`zaro manfaatli loyihalar amalga oshirilgan.
Muzokaralar chog`ida tomonlar ikki kompaniya o`rtasidagi hamkorlik sohalarining ahamiyati va dolzarbligini qayd etishdi. Boshqaruvchilar har bir loyiha strategik ahamiyatga ega ekanligini ta`kidlab o`tdilar.
Do`stona ruhda o`tgan uchrashuvdan ko`zlangan asosiy maqsad nafaqat kompaniyalar, balki butun mintaqa va mamlakat ishlab chiqarish sanoatida ijobiy natijalarga birgalikda erishish ekanligi bildirildi.
Kompaniyalarning mas`ul mutaxassislari va “O`zbekneftgaz” AJ va “Tatneft” kompaniyasi doimiy qo`shma “Ishchi guruh”ining maslahatlashuvlaridan so`ng, birgalikda ishlash va o`zaro manfaatli loyihalarning qamrab olgan kengaytirilgan “Yo`l xaritasi” tasdiqlanadi.






