Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani «Qovchin» mahallasi Mang`it qishlog`ida istiqomat qiluvchi fuqaro Sh.K. 28 avgustdan 29 avgustga o`tar kechasi qishloqda istiqomat qiluvchi 2009 yilda tug`ilgan qizni o`g`irlab ketdi. Bu haqda «Nasafnews»ga tayanib, "Daryo" xabar bermoqda.
Ma`lum bo`lishicha, 1993 yilda tug`ilgan erkak Sh.K. qizning o`z hovlisi supasida uxlab yotgan vaqtda ko`rpaga o`rab, paxta dalasiga o`g`irlab qochgan.
Voqea haqida qizning onasi shunday deydi:
«Qizimning aytishi bo`yicha, u erkak qizimni og`zini yopib, ko`rpaga o`rab ko`tarib ketgan. Qizim qo`rqib uyg`onib, ‘kimsan, nima uchun meni og`zimni yopyapsan’ deganda, ‘agar baqirsang, hozir pichoqlab o`ldirib tashlayman’ deb qo`rqitgan. Yo`lda qizim tipirchilab, qochmoqchi bo`lgan. Shunda qizimga tarsaki tushirib, sudray boshlagan. Keyin esa ‘echinasan’ deb qizimning boshiga ham urgan», – deydi qizning onasi S.E.
12 yoshli qiz onasining so`zlariga ko`ra, o`g`irlik qilgan erkak Sh.K. shu kuni juda ko`p miqdorda spirtli ichimlik iste`mol qilgan bo`lgan. Qizaloq paxta dalasidan qochib, uyiga qaytib kelib, onasini uyg`otgan va bo`lgan voqeani onasiga aytib bergan.
«Ertasi kuni qizimni shifokorlarga ko`rsatdim. Ekspertiza natijalariga ko`ra, qizim sog`lom ekan. Faqat miya chayqalishi va boshi hamda qulog`idan lat egani va shikastlangani ma`lum bo`ldi.
Allohimga ming shukur, qizim o`sha nomardning qo`lidan qochib qutuldi. Lekin hozirgi ahvoli yaxshi emas. Ikki kundan beri ovqatlangani yo`q. Non bersak emaydi, ‘ko`nglim ayniydi’ deb aytyapti. Uxla desam, faqat yotadi. Uxlay olmaydi», – deya gapiradi qizning onasi.
«Hamma menga qizingni nomusini o`ylamadingmi, deb aytdi»
«Hamma menga gapiryapti, ‘qizingizni kelajagini o`ylang’ deyapti. Men nega yashirib o`tirishim kerak ekan? Mening erim hali ham har kuni yonimda. Hech qaerga ketgani yo`q. Ammo boshqalarning turmush o`rtog`i Rossiyaga ishlagani ketgan. Toshkentga ketganlari bor. Oylikka ishlaydi, 15 kunda bir keladigani bor. Ertaga u nomard mendan o`tib boshqalarning bolalariga ko`z olaytirmaydimi? Men qanday qilib bu jinoyatni yopib o`tib ketishim kerak? Men bu holatni oshkor qilishim kerak. O`zbekistonda shunday odam bor. Bilib qo`yishsin. Men buni yopolmayman. Jazosini olishi kerak u erkak», – deydi qizning onasi S.E.
Nashr muxbiri holat yuzasidan Qashqadaryo viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati rahbari Iroda Rasulova bilan suhbatlashdi.
Ma`lum bo`lishicha, S.E.ning 2021 yil 29 avgust kuni tuman IIB boshlig`i nomiga yozgan arizasi tuman IIB navbatchilik qismida belgilangan tartibda ro`yxatga olinib, Qamashi tuman IIB huzuridagi tergov bo`limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan.
«Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv jarayonida fuqaro Sh.K.ning harakatlarida Jinoyat kodeksining 277-moddasi 1-qismida (bezorilik) va boshqa moddalarida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari aniqlanganligi sababli, mazkur holat yuzasida Qamashi tuman IIB huzuridagi tergov bo`limi tomonidan yuqoridagi moddalar bilan fuqaro Sh.K.ga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Jinoyat ishida gumon qilinuvchi Sh.K Jinoyat prosessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan. Hozirda ushbu jinoyat ishi yuzasidan Qamashi tuman IIB huzuridagi tergov bo`limi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda», – deydi Iroda Rasulova.






