Mustaqillik bayramida fuqarolar poytaxt ustunlariga o`rnatilgan davlat bayroqlarini bilan echib olib, mashinalariga o`rnatgan edi. Buning uchun ular Toshkent shahar IIBB tomonidan javobgarlikka tortilishi mumkinligi haqida ogohlantirilgandi.
Toshkent shahar hokimligi ma`lum qilishicha, yoshlar ko`chalarga ilingan bayroqlardan bayram kayfiyatini namoyon etish, g`urur va iftixor ramzi sifatida foydalangan.
O`zbekiston bayrog`i millatimiz g`ururi, xalqimiz faxri. Ayniqsa, bayram kunlari korxona-tashkilotlar peshtoqlarida, barcha ko`chalarga ilingan bayroqlar shahrimizga o`zgacha fayz beradi.
Mustaqilligimizning 30 yilligi nishonlanayotgan shu kunlarda yoshlarimiz ko`chalarda bayroqlarni mag`rur ko`tarib, Vatanimizga muhabbati, bayrog`imizdan faxrlanishini namoyon etmoqda va bu har yili kuzatiluvchi holat. Yoshlarimiz ko`chalarga ilingan bayroqlardan bayram kayfiyatini namoyon etish, g`urur va iftixor ramzi sifatida foydalangan. Yoshlarimizning ushbu harakatlari Toshkent shahar hokimligining xatosi tufayli, ya`ni bayroqlar zaxirasi va sotuvi shu kungacha yo`lga qo`yilmaganligi sabablidir. Zero, Toshkent shahar hokimligi ayni holatga avval ham duch kelgan bo`lsa-da, shu kungacha tadbirkor va ishlab chiqaruvchilarga murojaat qilib, sotuvda bayroqlar muntazam bo`lishini ta`minlamagan.
Toshkent shahar hokimligi ushbu xatoni yana takrorlamaslik uchun, ayni kunlardagi holatdan xulosa qilgan holda, ishlab chiqaruvchilar va ishbilarmonlarga murojaat qilib, milliy bayrog`imizni ishlab chiqarish, zaxirasini yaratish va sotuvda bo`lishini ta`minlashga chaqiradi hamda bu boradagi takliflarni ko`rib chiqadi.