AsosiyJamiyat

Maktablarda an`anaviy dars jarayonlarida kasallikdan himoyalanish uchun nimalarga e`tibor berish kerak

'Maktablarda an`anaviy dars jarayonlarida kasallikdan himoyalanish uchun nimalarga e`tibor berish kerak'ning rasmi

SSV Matbuot xizmatining ushbu savoliga Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurash shtabi a`zosi Sevara Ubaydullaeva javob berdi:

— To`g`ri, bolalar koronavirus infeksiyasining tarqatuvchisi ekanligi to`g`risida ko`p bora ta`kidlab kelamiz. Qachonki bolalar va ularning murabbiylari hamda ota-onalar karantin qoidalariga rioya qilmasa, bu omil kasallik tarqalishiga sabab bo`lishi mumkin.

Bilamizki, har bir maktabda bolalar salomatligi va holatini nazorat qiluvchi filtrlar mavjud. U erda o`quvchilarning tana harorati o`lchanadi. Bolalar maktabga niqobda borish, qo`llarni sovunlab yuvish kabi qoidalarga to`liq rioya qilishi zarur.

Bolalarga tushlik uchun ota-onalar uydan imkon qadar vitaminlarga boy ovqatlarni berib yuborishlari maqsadga muvofiq. Shu bilan birga, o`quvchilarda ko`proq suyuqlik ichish imkoni bo`lishi kerak.

Bu kabi qoidalar bilan maktab direktorlari, o`qituvchilar va tibbiyot xodimlaridan tashqari, qolgan ishchi-xodimlar ham to`liq tanishib chiqishi lozim.

Ota-onalar farzandlariga maktabdan qaytgach, albatta, yuz-qo`llarini sovun bilan yaxshilab yuvishi zarurligini o`rgatishi lozim.

Shuningdek, bolalar uyda ustki kiyimlarini echganlaridan keyin, tomoq va burunlarini oddiy iliq suvda 2-3 marta chayganidan so`nggina oila a`zolari yoniga kirsalar, ularni himoyalagan bo`ladi.

Shu o`rinda, mamlakatimizda vaksinasiya  jarayonlarining dastlabki bosqichlarida xalq ta`limi va maktabgacha ta`lim muassasalari xodimlarini emlashga bejiz alohida e`tibor qaratilmaganligini ta`kidlash kerak.

Hozirda maktab o`qituvchilari va boshqa xodimlarning deyarli barchasi vaksina olgan. Tabiiyki, bu  ularning COVID-19 koronavirus infeksiyasidan himoyalanganligini bildiradi.

Malumot o`rnida shuni ham aytish kerakki, shu kungacha yurtimizda jami 15 million dozadan ortiq koronavirusga qarshi vaksina qo`llanilgan. Virusga qarshi to`liq emlangan fuqarolar esa 2 123 460 nafarni tashkil qilmoqda.

Xalq ta`limi vazirligi yangi o`quv yili oldidan darslar to`liq an`anaviy tarzda boshlanishini ma`lum qilib, o`zi yoki oila a`zolaridan biri koronavirusga chalingan va vaqtincha davolanishda bo`lgan o`quvchilar, shuningdek, o`quv yili davomida o`qituvchi yoki o`quvchilar orasida koronavirus aniqlanib, vaqtinchalik  karantinga olingan sinf yoki maktablarning o`quvchilari   ta`lim jarayoniga vaqtincha masofadan jalb etilishini ta`kidlagan edi.

Bunday o`quvchilar uchun  televidenie orqali “Onlayn maktab” loyihasi doirasida parallel ravishda onlayn darslar berib boriladi.

    Boshqa yangiliklar