AOKAda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a`zosi Sevara Ubaydullaeva ishtirokida brifing o`tkazildi. Unda aholidan COVID-19 bilan bog`liq savollariga javob qaytarildi.
" To`g`ri, bolalar koronavirus infeksiyasining tarqatuvchisi ekanligi to`g`risida ko`p bora ta`kidlab kelamiz. Qachonki bolalar va ularning murabbiylari hamda ota-onalar karantin qoidalariga rioya qilmasa, bu omil kasallik tarqalishiga sabab bo`lishi mumkin.
Bilamizki, har bir maktabda bolalar salomatligi va holatini nazorat qiluvchi filtrlar mavjud. U erda o`quvchilarning tana harorati o`lchanadi. Bolalar maktabga niqobda borish, qo`llarni sovunlab yuvish kabi qoidalarga to`liq rioya qilishi zarur.
Bolalarga tushlik uchun ota-onalar uydan imkon qadar vitaminlarga boy ovqatlarni berib yuborishlari maqsadga muvofiq. Shu bilan birga, o`quvchilarda ko`proq suyuqlik ichish imkoni bo`lishi kerak.
Ota-onalar farzandlariga maktabdan qaytgach, albatta, yuz-qo`llarini sovun bilan yaxshilab yuvishi zarurligini o`rgatishi lozim. Shuningdek, bolalar uyda ustki kiyimlarini echganlaridan keyin, tomoq va burunlarini oddiy iliq suvda 2-3 marta chayganidan so`nggina oila a`zolari yoniga kirsalar, ularni himoyalagan bo`ladi.
Shu o`rinda, mamlakatimizda vaksinasiya jarayonlarining dastlabki bosqichlarida xalq ta`limi va maktabgacha ta`lim muassasalari xodimlarini emlashga bejiz alohida e`tibor qaratilmaganligini ta`kidlash kerak. Hozirda maktab o`qituvchilari va boshqa xodimlarning deyarli barchasi vaksina olgan. Tabiiyki, bu ularning COVID-19 koronavirus infeksiyasidan himoyalanganligini bildiradi", – dedi Sevara Ubaydullaeva.






