Adliya vazirligining xabar berishicha, Hukumat qarori (555-son, 31.08.2021 y.) bilan Yuridik va jismoniy shaxslarni elektr tarmoqlariga ulash bo`yicha davlat xizmatlari ko`rsatishning ma`muriy reglamenti tasdiqlandi.
Reglamentga ko`ra, iste`molchi elektr tarmoqlariga ulanish uchun Davlat xizmatlari markazlariga o`zi kelib murojaat etadi yoki YaIDXP yoxud “ELEKTR” dasturiy ta`minoti (Onlayn platforma) orqali ro`yxatdan o`tadi.
So`rovnoma to`ldirilib, tegishli ma`lumotlar taqdim etiladi.
Xizmat uchun BHMning 10 foizi (27 ming so`m) miqdorida yig`im undiriladi. YaIDXP orqali murojaat etilganda yig`im miqdori 24 300 so`mni tashkil etadi.
Iste`molchilar elektr tarmoqlariga ulanish uchun Onlayn platforma orqali davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun ro`yxatdan o`tgan holda murojaat etganda yig`im undirilmaydi.
Iste`molchi murojaat etgan kundan boshlab 3 ish kunida elektr tarmoqlariga ulanishni rad etgan taqdirda, tegishli to`lov summasi iste`molchiga 3 ish kunida qaytarib beriladi.
Ulanadigan quvvati 20 kVtgacha bo`lgan iste`molchilarni elektr tarmoqlariga ulash uchun elektr ta`minoti loyihasini ishlab chiqish talab etilmaydi. Bunda HETK tomonidan ishlab chiqilgan elektr tarmoqlariga ulash sxemasi elektr ta`minoti loyihasi hisoblanadi va uni kelishish talab etilmaydi.
Ulanadigan quvvati 50 kVtgacha bo`lgan iste`molchilarni elektr tarmoqlariga ulash belgilangan muddatlarda tabaqalashgan bir martalik to`lov asosida amalga oshiriladi.
Mazkur tartib 2022 yil 1 yanvardan boshlab kuchga kiritiladi.






