Ijtimoiy tarmoqlarda Matiz, “VAZ 2107” va Spark avtomobillari to`qnashuvi va haydovchilar orasidagi mushtlashuv videosi tarqalmoqda. Toshkent shahar IIBB mazkur fakt bo`yicha rasmiy ma`lumot berdi.
Ma`lum qilinishicha, joriy yilning 2 sentyabr kuni soat 11:50 da Bektemir tumani Oltintopgan ko`chasida Matiz rusumli avtomobil haydovchisi Bunyodbek R., Bahrom K. boshqaruvidagi “VAZ 2107” rusumli avtomobili uchun avariyaviy holat yuzaga keltirgan.
Natijada yuqoridagi avtomobillar va Sardor X. boshqaruvidagi Spark avtomobili to`qnashuvi yuz bergan. “VAZ 2107” avtomobili to`xtagach, Matiz va Spark avtomobillari haydovchilari “VAZ 2107” haydovchisiga tan jarohatlari etkazishgan.
Kelishmovchilikka 1990 yilda tug`ilgan Bahrom K. va 1985 yilda tug`ilgan Bunyodbek R. orasidagi qarz munosabatlari sabab bo`lgan.
Holat tafsilotlari Bektemir tumani IIO FMB xodimlari tomonidan o`rganilmoqda. Tergov oldi tekshiruvi natijasiga ko`ra qonuniy chora ko`riladi.






