Ma`lumki, barcha oliy ta`lim muassasalarida yangi 2021-2022-o`quv yili “Mustaqillik darsi” bilan boshlandi.
Jumladan, Samarqand veterinariya medisinasi instituti Nukus filiali talabalari uchun ham Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi o`rinbosari Abror Akbarov boshchiligida onlayn tarzda “Mustaqillik darsi” tashkil etildi. Bu haqda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo`mitasi Axborot xizmati xabar berdi.
Mazkur ochiq darsda filial direktori A.Esimbetov, direktor o`rinbosari Q.Atanazarov va professor-o`qituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etishdi.
“Mustaqillik darsi”ni filial direktori A.Esimbetov kirish so`zi bilan ochib berdi.
Onlayn muloqot davomida qo`mita raisi o`rinbosari Abror Akbarov so`nggi besh yilda mamlakatimizda amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlar, xususan veterinariya va chorvachilik tarmoqlarida erishilgan ulkan yutuqlar xususida nutq so`zladi.
Shuningdek, Istiqlolning 30 yillik davrida xalqimizning turmush sharoitini yanada yaxshilash, odamlarni hayotdan rozi qilish maqsadida amalga oshirilayotgan bu kabi islohotlar, jamiyatimizning barcha sohalarida, qolaversa ta`lim tizimidagi o`zgarishlar hamda erishilayotgan muvaffaqiyatlar vatanimizning yangi tarixini yaratish yo`lida tashlangan dadil qadamlar sifatida e`tirof etildi.
Bu islohotlar jarayonida esa yoshlarning o`ziga xos o`rni va roli, shuningdek ko`plab yutuqlar mamnuniyat bilan tilga olindi.
Onlayn muloqot yakunida filial talabalari yangi o`quv yili jarayonida o`z oldiga qo`ygan maqsadlari va rejalari xususidagi fikrlarini bildirishdi.






