Ijtimoiy tarmoqlarda tegishli davlat organlari reyd o`tkazgani va unda uyida bollari oldida fohishabozlik bilan shug`ullangan ayol jurnalist tomonidan so`roq qilingan video tarqaldi.
Mikrofon ko`targan jurnalistning bu hatti haraeatlariga O`zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olim O`sarov o`z munosabatini bildirdi.
"Inson manfaatlari, huquq va erkinliklari oliy qadriyat hisoblangan demokratik jamiyatning muhim sharti so`z va axborot erkinligidir. Biroq bu jurnalist yoki bloger ko`ngliga kelgan ishni qilaveradi, yozaveradi, degani emas.
Ijtimoiy tarmoqlarni larzaga solgan videoni ko`rib (biz mazkur vaziyatda ayolni, uning qilmishini oqlamoqchi yoxud muhokama qilmoqchi emasmiz) qator savollar tug`ildi: mikrofon ko`targan "muxbir" yalang`och holatdagi ayolni kamera qarshisida so`roqqa tutishi qaysi mezon mos keladi? Sud tomonidan hali aybdorligi isbotlamagan ayolni fohishalikda ayblash jurnalist kasb odobi va qonun talablariga nechog`li muvofiq? "Muxbir" o`zganing mulki hisoblangan uyga bostirib kirishga, bunday holatda so`roqqa tutishga, tasvirga olishga haqlimi? O`zi savol berayotganidek, uning farzandlari, yaqinlari sha`ni va qadr-qimmatini unutmadimikan?..
Shuni qat`iy qayd etamizki, jurnalistning jamiyat oldidagi mas`uliyati, kasb odobi, faoliyat talablari, eng muhimi, mavjud qonun-qoidalar bor va jurnalist buni unutishga haqli emas. Xususan, O`zbekiston Respublikasining “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to`g`risida”gi qonunining 6-moddasida qayd etilganidek, “O`z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chog`ida jurnalist shaxsning huquqlari va erkinliklarini, sha`ni va qadr-qimmatini hurmat qilishi shart”.
O`zbekiston Jurnalistlarining kasb etikasi kodeksida belgilab qo`yilganidek, “Jurnalist ... o`z kasb majburiyatlarini bajarishda axborot olishning qonunga zid usullaridan (qo`rqitish, ta`magirlik, tovlamachilik, ig`vogarlik, mukofot va`da qilish yoki odob-axloq normalariga zid boshqa usullardan foydalanish), shuningdek o`z xizmat vakolatlaridan shaxsiy maqsadlari yo`lida foydalanmaydi”.
O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi jurnalist va blogerlarni milliy va xalqaro qonunchilik, O`zbekiston Jurnalistlari kasb etikasi kodeksiga rioya etishga, kim bo`lishidan qat`i nazar, shaxsning sha`ni va huquqlarini poymol qilmaslikka, faxsh, zo`ravonlik va inson ruhiyatiga salbiy ta`sir ko`rsatuvchi illatlardan saqlanishga chaqiradi"