“Eksportchi korxonalarni rag`batlantirishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi
Farmonga ko`ra, 2021 yil 1 oktyabrdan:
● Yillik eksport hajmi 20 million AQSh dollaridan oshgan korxonalarga eksport savdo operasiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun bir martalik moliyaviy resurslar 5 million AQSh dollarigacha miqdorda, bir yilgacha muddatga taqdim etiladi;
● Oxirgi 12 oy davomida 1 million AQSh dollaridan ortiq tayyor to`qimachilik mahsulotlarini eksport qilgan korxonalarga asosiy va yordamchi ishlab chiqarishi uchun butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallar olib kirishda bojxona to`lovlarini to`lash bo`yicha foiz hisoblanmagan hamda ularning to`lanishini ta`minlash talab etilmagan holda 120 kunga kechiktirish imkoniyati beriladi.
Tashqi savdo operasiyalari bo`yicha muddati o`tgan debitor qarzdorlik uchun xo`jalik yurituvchi sub`ektlarga jarimalar qo`llanilishi 2021 yil 31 dekabrgacha to`xtatiladi.
Shuningdek, 2021 yil 1 oktyabrdan yuqori sifat va nazorat tizimiga ega mamlakatlardan sertifikatlangan va deklarasiyalangan asbob-uskuna, butlovchi qismlar, xomashyo, o`lchov vositalari, kimyoviy reagentlar, ko`tarish moslamalari va transport vositalari importida milliy sertifikat olish talabi bekor qilinadi.






