Xalq ta`limi vazirligining ma`lum qilishicha, ayrim hududlarda 1-sinf o`quvchilariga Prezident sovg`alari yoki uning tarkibidagi ayrim o`quv qurollari etib bormagani haqida xabarlar kelib tushgan.
Xalq ta`limi vazirligi mazkur holat yuzasidan quyidagilarni ma`lum qiladi:
" – Afsuski, pandemiya yangi o`quv yili boshlanishining so`nggi kunigacha ba`zi ota-onalar tomonidan farzandlarining hujjatlarini topshirishini kechiktirdi, shu bilan birga, ba`zi etkazib beruvchilarning kechikishiga ham olib keldi. Bu esa o`z-o`zidan sovg`alarni hisob-kitob qilishda va to`liq qilib etkazishda muammolarni yuzaga keltirdi.
Xalq ta`limi vazirligi ota-onalardan vaziyatni to`g`ri qabul qilishlarini va tez kunda sovg`alar har bir bolaga etib borishi ta`minlanishini ma`lum qiladi. Sovg`alar ichidagi ba`zi etmay qolgan o`quv qurollari joyiga qaytadan etkazilib, tarqatiladi", – deyiladi xabarda.
Ta`kidlanishicha, vazirlik bir hafta davomida mazkur holatni to`liq inventarizasiya qiladi. Shundan so`ng ham farzandlariga sovg`a yoki darslik etib bormasa Xalq ta`limi vazirligining 71 202 09 09 Ishonch telefon raqamlari orqali murojaat qilish so`ralmoqda.