Sal avval ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati O`rta Chirchiq tumanida yashovchi ayolning farzandi tibbiy ko`rikdan o`tkazilmasdan emlangani, natijada ahvoli og`irlashib vafot etgani haqida xabarlar tarqalgach, Sog`liqni saqlash vazirligi ushbu vaziyatni nazoratga olganligi, ushbu holatni o`rganish maqsadida tezkor guruh tuzilib, O`rta Chirchiq tumaniga yuborilgani haqida xabar berilgan edi. Ayni paytda SSV Sud-tibbiy ekspertiza xulosasini e`lon qildi.
Keltirilishicha, tezkor guruh tarkibiga:
- Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi direktori, vazirlik bosh sud-tibbiy eksperti, professor A. Iskandarov;
- Saniratiya-epidemiologiya va jamoat salomatligi xizmati immunoprofilaktika bo`limi boshlig`i D. Tursunova;
- bosh infeksionist B. Tadjiev;
- bosh toksikolog A. Stopniskiy;
- bosh terapevt U. Kamilova;
- bosh allergolog I. Razikova kabi mutaxassislar kiritilgan edi.
Mazkur o`lim holati yuzasidan Nurafshon shahar prokuraturasi tomonidan sud-tibbiy ekspertiza tayinlandi. Ushbu sud-tibbiy ekspertiza natijalari e`lon qilindi.
— 1983 yil 18 iyunda tug`ilgan marhum S.Q. shu yilning 10 avgustida soat 11:00 larda “Tuyabo`g`iz” oilaviy shifokorlik punktida, oilaviy shifokor ko`rigidan o`tkazilib, emlashga monelik qiluvchi holatlar aniqlanmagach, vaksinator hamshira tomonidan emlangan. Vaksina olgandan keyin 20 daqiqa davomida oilaviy shifokor kuzatuvida bo`lgan va aks ta`sirlar kuzatilmagach, uyiga ruxsat berilgan, — deydi Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi direktori, vazirlik bosh sud-tibbiy eksperti A. Iskandarov. — Ekspertizada marhum S.Q.ning tanasida jarohat izlari aniqlanmadi.
Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko`ra, marhum S.Q.ning joriy yil 13 avgust, ya`ni u emlanganidan 3 kun o`tib yuz bergan o`limi emlashdan so`ng uning sog`lig`ida sodir bo`lgan o`zgarish va shifokorlar tomonidan tavsiya etilgan preparatlar bilan bog`liq emasligi aniqlandi.
Vaholanki, emlashga eng asosiy mon`eliklardan biri hisoblangan anafilaktik shok holati va boshqa salbiy ta`sirlar vaksina qilingandan keyin 30 daqiqa ichidagina ro`y berishi mumkin.
Shu bilan birga, kimyoviy moddalar bilan zaharlanish klinik belgilari ham kuzatilmagan.
Sud-tibbiy espertizaning yakuniy xulosasiga ko`ra, marhum hayotligida o`tkir zotiljam, bosh miya va miyachaning menigoensefaliti, epimiokardit kasalliklari bilan og`rigan bo`lib, bu xastaliklar uning o`limi bilan to`g`ridan to`g`ri bog`liqlikka ega ekani aniqlandi.
Eslatib o`tamiz, bugunga qadar Toshkent viloyatida 1 199 127 doza vaksina emlash jarayonlarida qo`llanilgan. Emlangan bemorlar orasida vaksina ta`sirida birorta ham jiddiy salbiy ta`sirlar kuzatilmagan, deyiladi xabarda.






