AsosiyJamiyat

Prezident paralimpiya chempionlari bilan uchrashib, ularning har biri haqida fikr bildirdi

'Prezident paralimpiya chempionlari bilan uchrashib, ularning har biri haqida fikr bildirdi'ning rasmi

Avval xabar berganimizdek, Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov bu hafta Prezident Shavkat Mirziyoevning paralimpiya g`oliblari bilan uchrashishini ma`lum qilgan edi. Bugun mazkur marosim tantanali tarzda bo`lib o`tmoqda. Tadbirda bir guruh sportchilarimiz hamda ularning murabbiylari turli medal va ordenlar bilan taqdirlanishdi, deya xabar bermoqda “Darakchi” muxbiri Sardorbek Rahmonqulov.

Davlat rahbari sportchilar haqida fikr bildirarkan, eng avvalo, ilk oltin medalni qo`lga kiritgan mahoratli dzyudochimiz Uchqun Quronboevga el-yurtimiz nomidan tashakkur bildirdi.

Yana bir polvonimiz Boburjon Omonovyadro uloqtirish bo`yicha oltin medalga sazovor bo`lish bilan birga, Paralimpiya rekordini ham yangiladi. Ta`kidlash kerakki, bu boradagi yangi jahon rekordini ham aynan Boburjon o`rnatgan edi.

Ayniqsa, jasoratli engil atletikachi qizlarimiz Nozimaxon Qayumova,Mohigul Hamdamova, Sofiya Burhonova raqibalari orasida eng yosh bo`lgan taekvondochi Guljonoy Naimova oltin medallarni qo`lga kiritib, barchamizga cheksiz xursandchilik bag`ishladilar.

Shuningdek, dzyudochi Feruz Saidov, yadro uloqtirish bo`yicha sport ustasi Husniddin Norbekov ham murosasiz kurashda oltin medallarga sazovor bo`ldilar.

Shu o`rinda Husniddin bu yutug`i bilan ikki karra paralimpiya o`yinlari chempioni degan sharafli nomga sazovor bo`lganini ham alohida ta`kidlash lozim.

Ana shu chempionlar qatorida Asila Mirzayorova, Roza Qo`zieva, Parvina Samandarova, Dovurxon Karomatov, Nurxon Qurbonova, Islom Aslanov, Elbek Sultonov, Nafisa Sheripboeva, Sharif Xalilov, Shohsanam Toshpo`latova singari jami 11 nafar sportchimiz kumush va bronza medallariga sazovor bo`lib, mamlakatimiz shuhratini butun dunyoga tarannum etdilar”, - dedi prezident.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoev bunday beqiyos yutuqlarga erishishda chinakam fidoyilik ko`rsatgan Alfiya Ibragimova, Bobur Qo`ziev, Sardor Abduxoliqov, Azizjon Normatov, Shamsiddin Saidov, Mavlonbek Haydarov, Grigoriy Kamulya kabi tajribali murabbiylar va sportchilarimizning ota-onalariga alohida minnatdorchilik bildirdi.

Ma`lumot uchun:

Tokio shahrida bo`lib o`tgan o`n oltinchi paralimpiya o`yinlarida terma jamoamiz 8 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza – jami 19 ta medalini qo`lga kiritdi (shundan 11 tasi qizlar).

Mamlakatimiz terma jamoasi:

  • 160 dan ziyod davlatlar o`rtasida o`n oltinchi;
  • Osiyoqit`asida hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligida to`rtinchi;
  • Markaziy Osiyoda esa birinchi o`rinni egalladi. 

    Boshqa yangiliklar