Yaqinda BMT Oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo`mitasi bilan hamkorlikda brusellyozga qarshi kurash bo`yicha trening tashkil etildi. Unda FAOning brusellyoz bo`yicha xalqaro eksperti, doktor Xose Blasko nutq so`zladi. Treningda 50 nafarga yaqin qatnashchi, shu jumladan, epidemiologlar, laboratoriya xodimlari va Veterinariya ilmiy-tadqiqot institutining ilmiy xodimlari hamda Samarqand veterinariya medisinasi institutining professor-o`qituvchilari ishtirok etishdi.
Tadbir FAOning «Markaziy Osiyoda hayvonlarning dolzarb kasalliklari bo`yicha tarmoq yaratish» texnik hamkorlik dasturi doirasida tashkil etilgan bo`lib, unda beshta qabul qiluvchi mamlakat — Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O`zbekistonda hayvonlarning dolzarb kasalliklari bo`yicha mintaqaviy tarmoqni yaratish maqsad qilingan. Mazkur tarmoqni yaratishda brusellyoz kasalligining hayvonlar kasalliklari orasida birinchi bo`lib tanlanishining sababi, bu kasallikka qarshi kurash Markaziy Osiyo mamlakatlarining barchasida muhim o`rinni egallaydi, bundan tashqari brusellyoz aholining eng kambag`al qatlamlariga sezilarli ijtimoiy-iqtisodiy ta`sir ko`rsatishi bilan ham muhim.
Hayvonlar salomatligini muhofaza qilish bo`yicha mintaqaviy tarmoq doirasida axborot va tajriba almashish, laboratoriya, dala, profilaktika / nazorat, operasiya, aloqa va boshqa amaliyotlarni standartlashtirish, bo`shliqlar, kamchiliklar va ustuvor yo`nalishlarni aniqlash, shuningdek, ta`lim va salohiyatni oshirish bo`yicha birgalikda sa`y-harakatlar amalga oshirilmoqda.
Hayvonlar salomatligi inson salomatligi va sog`lom atrof-muhit bilan chambarchas bog`liq. Odamlar, atrof-muhit va hayvonlarning yashash muhiti o`rtasidagi munosabatlar ayniqsa rivojlanayotgan mintaqalarda juda yaqin. Chorva mahsuldorligining o`zgarishi yangi patogenlarning paydo bo`lishi, ularning rivojlanishi va hayvonlardan odamlarga global miqyosda tarqalishiga olib kelishi mumkin. FAO hayvonlar salomatligini muhofaza qilish chorvachilikning barqarorligini ta`minlashning asosiy sharti deb hisoblaydi.
«Kasalliklar tarqalishining o`zgaruvchan sharoitlari bilan bog`liq murakkab muammolarni hal qilish uchun kompleks yondashuv talab qilinadi – «hamma uchun bitta sog`lik». Bunday yondashuvda agroekologik qarshilik, bioxilma-xillikni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan samarali foydalanish va oziq-ovqat zanjirlari xavfsizligiga ko`proq e`tibor qaratiladi», - deydi FAOning O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o`rinbosari Sherzod Umarov.
Trening davomida doktor Xose Blasko «Kichik kavsh qaytaruvchi hayvonlar va qoramollarda brusellyozni nazorat qilish dasturining sharhi: Ispaniya tajribasi» hamda «Kavsh qaytaruvchi uy hayvonlari orasida brusellyozga qarshi kurashish va uni bartaraf etishning texnik jihatlari: jihozlar va strategiya» mavzulari bo`yicha prezentasiyalarni namoyish qildi. Shuningdek, FAO eksperti o`zining O`zbekistondagi tashrifi davomida konyu`nktiv usulda emlashni amaliyotda namoyish qilish uchun Toshkent viloyatidagi kichik kavsh qaytaruvchi hayvonlar va qoramollarni parvarish qilishga ixtisoslashgan xo`jaliklarga ham tashrif buyurdi.






