Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida 11 sentyabr kuni «Matiz» yo`lni kesib o`tayotgan 12 yoshli qizni urib yubordi. Bu haqda viloyat Yo`l harakati xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, soat 08:45 da Gazarak–Tortuli yo`nalishi bo`yicha yuqori tezlikda harakatlanayotgan «Matiz» yo`lni kesib o`tayotgan qizni urib yuborgan. Shundan so`ng haydovchi boshqaruvni yo`qotib, yo`l mashina chetidagi daraxtga urilgan. Yo`l-transport hodisasi oqibatida qiz og`ir tan jarohati olib, shifoxonaga olib borilgan va shu erda vafot etgan. Haydovchi va yo`lovchi ham shifoxonaga yotqizilgan.
"Bu yo`l mahalliy ahamiyatga ega bo`lib, bu erda harakat tezligi soatiga 70 kilometr bo`lishi kerak. 5.22 va 5.23 yo`l belgilari o`rnatilgan. Bu qismda dislokasiyada piyodalar o`tish yo`lakchasi o`rnatish ko`rsatilmagan. Hozirda bu erda aholi gavjumligi hisobga olib, yo`lakcha o`rnatishga kelishib oldik", — deydi yo`l bo`limi muhandisi Mirsharaf Murodov.
Shuningdek, viloyat YHXB bo`lim boshlig`i G`ayrat Turdievning ma`lum qilishicha, "avariya" sodir bo`lgan hududda yo`l belgilari o`rnatilgan, yo`l yotiq chiziqchasi mavjud emas. Ushbu joyda piyodalar yo`lakchasi tashkil etish hamda tezlikni cheklovchi belgilar o`rnatish yuzasidan Sariosiyo tuman hokimligiga so`rovnoma kiritilgan.






