Feysbukdagi «Qo`qonjonim» sahifasi moderatori Iqboljon Komiljonovning sog`lig`i yuzasidan ayrim xabarlarda aytilishicha, qo`qonlik blogerni tanqidiy materiallar tayyorlab, e`lon qilib borgani uchun zaharlashgan.
Farg`ona viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi boshlig`i Husan Mamajonov jurnalistlar va blogerlar ishtirokida bo`lib o`tgan matbuot anjumanida mazkur holatga oydinlik kiritgan. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
– I.Komiljonov ayni damda viloyat ko`p tarmoqli tibbiyot markazining reanimasiya bo`limida davolanmoqda, – deydi H.Mamajonov. – Uning holati og`ir. U 7 sentyabr kuni markazning proktologiya bo`limiga o`tkir yiringli paroproktit tashxisi bilan davolangani yotgan. Bemorni operasiyaga tayyorlanish jarayonida ahvoli og`irlashgan va koma holatiga tushgan. Shu kunning o`zida reanimasiya bo`limiga o`tkazilgan, barcha kerakli muolajalar bajarilgan.
Qo`shimcha qilinishicha, 8-11 sentyabr kunlari ikkita operasiya o`tkazilib, o`tkir yiringli paroproktit kasalligi bartaraf etilgan.
Ma`lum bo`lishicha, bemor ko`p yillardan buyon qandli diabet bilan kurashib kelgan. U yaqinda koronavirus infeksiyasiga chalinib, xususiy tibbiyot muassasalarida, shuningdek, uyida davolangan. Shifoxonaga kelganida ahvoli og`ir bo`lgan. Nafas etishmovchiligi, ikki tomonlama pnevmoniya kuzatilgan. Virus o`pkasining 50 foizidan ortig`ini zararlagan.
Ta`kidlanishicha, bugungi kunda belgilangan barcha zarur muolajalar qilinmoqda ekan. Bemor kislorodga ulangan, holati yaxshilanayotganligi, o`pka faoliyati tiklanayotgani aytilgan. Mutaxassislar yurak, qandli diabet kabi hamroh kasalliklar bo`yicha ham tashxislar qo`yishgan. Bemorda hech qanday zaharlanganlik belgilari kuzatilmagani qayd etilgan.