O`zbekiston hududida bo`lib turgan barcha Afg`oniston fuqarolari so`nggi ikki kun ichida boshqa mamlakatga evakuasiya qilindi, deya xabar berdi TIV rasmiy vakili ma`lumotlariga asoslanib Gazeta.uz nashri.
Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Yusup Kabuljanov «Gazeta.uz»ga afg`onistonlik harbiy xizmatchilar va fuqarolar O`zbekistondan olib chiqilganini tasdiqladi.
Avvalroq Reuters agentligi AQSh o`tgan yakshanba kuni afg`on uchuvchilarini O`zbekistondan olib chiqishni boshlagani haqida xabar qilgan edi.
«Afg`onistondagi so`nggi voqealar tufayli bir guruh sobiq harbiy xizmatchilar va Afg`oniston fuqarolari O`zbekiston davlat chegarasini noqonuniy kesib o`tgan va qo`lga olingan edi. 12−13-sentyabr kunlari O`zbekiston hududida joylashgan barcha afg`on fuqarolari boshqa mamlakatga evakuasiya qilindi», — deya ma`lum qildi Yusup Kabuljanov.
Eslatib o`tamiz, qariyb bir oy muqaddam afg`on uchuvchilari Afg`oniston havo kuchlarining vertolyot va samolyotlarida O`zbekistonga uchib o`tgan edi. 16 avgust kuni O`zbekiston Bosh prokuraturasi 585 qurollangan afg`on harbiylari bo`lgan 22 ta harbiy samolyot va 24 ta vertolyot mamlakat havo hududini noqonuniy kesib o`tgani haqida xabar berdi (keyinchalik xabar to`liq tasdiqlanmagan deyildi). O`shanda kuzatib borish vaqtida O`zbekistonning MiG-29 va Afg`onistonning Embraer 314 samolyotlari to`qnashib ketgandi.
Avgust oyi oxirida WSJ rasmiy shaxslarga tayanib, O`zbekiston hukumati AQShni bir guruh yuqori malakali afg`on uchuvchilari va ularning oilalarini mamlakatdan chiqarib yuborishga to`g`ri kelayotganidan ogohlantirgani haqida yozgan edi. Nashr buni «Tolibon» avgust oyi o`rtasida O`zbekistonga uchib o`tgan harbiy samolyot va vertolyotlarni qaytarishni talab qilayotgani bilan bog`ladi.
WSJ 46 ta harbiy samolyot va vertolyotlar, jumladan Embraer EMB 314 Super Tucano, UH-60 Black Hawk, MD-530, PC-12 va Mi-17 taqdiri noma`lumligicha qolayotganini qayd etdi.






