AsosiyJamiyat

Jurnalistlarning qonuniy faoliyatiga to`sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish zarur — Bobur Bekmurodov

'Jurnalistlarning qonuniy faoliyatiga to`sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish zarur — Bobur Bekmurodov'ning rasmi

«Yuksalish» umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov jurnalistlarga to`sqinlik qilayotgan shaxslar va tashkilotlarga chora ko`rish tartibiga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish borasida fikr bildirdi:

Besh yil oldin O`zbekiston dunyoga ochila boshladi. Transformasion jarayonlar barcha sohalarga, jumladan, so`z erkinligi va ommaviy axborot vositalari faoliyatiga o`zining ijobiy ta`sirini ko`rsatdi.  

Davlatimiz rahbari jurnalistlar Prezident himoyasida bo`lishini ko`p bora takrorlab, so`z erkinligi, davlat organlarining ochiqligi va shaffofligi davlat siyosatining ustuvor yo`nalishlarb ekanligini ta`kidlab kelmoqda. Natijada, qisqa davr ichida so`z erkinligi va ochiqlik — jamiyatning muhim qadriyatlaridan biriga aylandi.  

Ayni paytda, yangi voqelikka moslashishga tayyor bo`lmagan ayrim davlat xizmatchilari jurnalistlar faoliyatiga to`sqinlik qilib, OAVga bosim o`tkazish kabi "eskicha" yondashuvlarni qo`llash harakatlari ham uchramoqda.

Shu sababli, bizning fikrimizcha, ommaviy axborot vositalari faoliyati kafolatlarini kuchaytirish maqsadida quyidagi keyingi bosqich choralarini ko`rish zarur, deb hisoblaymiz:

Birinchidan, "Ma`muriy javobgarlik to`g`risida"gi kodeksga davlat xizmatchilari tomonidan jurnalistlarning huquqlarini buzganlik uchun javobgarlikni belgilovchi alohida moddani kiritish, qayta sodir etilgan taqdirda, jinoiy javobgarlikni belgilash kerak;

Ikkinchidan, jurnalistlarga huquqiy yordam ko`rsatish tizimini yaratish lozim. Masalan, Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazida OAV uchun yuridik klinika faoliyat ko`rsatadi. Bunday institutlarni rivojlantirish, media sohasi uchun huquqshunoslar, advokatlarni tayyorlashni keng yo`lga qo`yish kerak;

Uchinchidan, faol islohotlar davrida ommaviy axborot vositalari ombudsmani institutini joriy etish masalasini ko`rib chiqish maqsadga muvofiq. Balki, islohotlarning keyingi bosqichlarida, o`zini o`zi boshqarish yondashuvlari joriy qilinganidan keyin alohida ombudsmanga ehtiyoj qolmas, lekin bugungi kunda ushbu institut faoliyatga aralashuv holatlari bilan faol shug`ullanishi mumkin bo`lardi.

Bundan tashqari, "Yuksalish" umummilliy harakati keyingi yildan boshlab ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to`sqinlik qilish holatlarini doimiy qayd qilib boruvchi "Onlayn monitor"ni ishga tushirish, har yil yakunlari bo`yicha davlat organlari reytingini e`lon qilib borishni rejalashtirmoqda.

    Boshqa yangiliklar