AsosiyJamiyat

Emlanganlik haqidagi SMS-xabarlar yuborishdagi yanglishmovchiliklarga nima sabab bo`lmoqda? CCV javob berdi

'Emlanganlik haqidagi SMS-xabarlar yuborishdagi yanglishmovchiliklarga nima sabab bo`lmoqda? CCV javob berdi'ning rasmi

Yurtimizda koronavirusga qarshi emlash jarayonlari qizg`in davom etmoqda. Bu jarayonda ko`pchilikda emlash bilan bog`liq  turli savollar paydo bo`lmoqda.

Shu kabi savollarga javob olish maqsadida CCV Matbuot xizmati vazirlik tasarrufidagi IT-Med korxonasi xodimi Shohrux Qurbonovga murojaat qildi:

—  Emlash jarayonlariga jalb qilingan fuqarolarning ma`lumotlari yagona elektron bazaga jamlanishi borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

—  Buning uchun ishga tushirilgan emlash.uz platformasi orqali har bir emlash punktida vaksina olgan fuqarolar haqidagi ma`lumotlar yagona tizimga kiritib borilmoqda.

Vaksinaning har bir dozasini yuborishdan oldin, tibbiyot xodimi emlanayotgan fuqaroning shaxsiy ma`lumotlari va faol telefon raqamini yozib oladi. Oilaviy poliklinikalardagi mas`ul xodimlar ushbu ma`lumotlarni emlash.uz saytidagi umumiy ma`lumotlar bazasiga kiritadi.

Fuqaro birinchi va ikkinchi dozani olganidan so`ng unga SMS-xabar yuboriladi.

SMS-xabarda emlangan shaxsning ismi va familiyasi, shuningdek, vaksina olgan sanasi hamda keyingi dozani olish bo`yicha tavsiya etilgan sana haqida ma`lumot bo`ladi.  

Agar fuqaro to`liq emlangan bo`lsa, unda xabarda sertifikatga havola ham mavjud bo`ladi.

—  Aholi orasida ana shu SMS-xabar bilan bog`liq turli tushunmovchiliklar kelib chiqmoqda. Bunday holatlar yuz berishiga nima sabab bo`lmoqda?

—  Kimgadir emlangani haqidagi SMS-xabar kelib tushadi, lekin u emlanmagan bo`ladi. Yoki kimningdir raqamiga boshqa bir fuqaroning emlangani haqida xabar keladi. Bundan ham hayron qolarlisi, hatto vafot etgan odamga emlanganlik xabari kelgan holatlar ham bor.

Tizim elektron bo`lgani bilan unda inson omili ishtirok etadi. Hozirda emlangan fuqarolarning ma`lumotlarini tizimga kiritayotgan tibbiyot xodimi katta hajmdagi informasiya bilan ishlashiga to`g`ri kelmoqda.

Fuqarolarga emlash brigadasi xodimi jurnal yoki kompyuterga pasport ma`lumotlari va telefon raqamini to`g`ri kiritayotganligiga e`tibor qaratish tavsiya etiladi.

Ba`zi emlash punktlarida ma`lumotlar qog`oz jurnallarga kiritilganligi bois, ma`lumotlar bazasini to`ldiradigan tibbiyot xodimining xato qilish ehtimoli mavjud.

Misol uchun, yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Yangiyo`l tumanida yashagan B.Yo`lchiev nomiga vaksinaning birinchi dozasini olgani haqida SMS-xabar kelgani, lekin bu inson vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi.  

Bunda o`sha hududga biriktirilgan tibbiyot xodimi emlanganlik haqidagi ma`lumotlarni tizimga kiritishda xatoga yo`l qo`ygan bo`lishi mumkin.  

Chunki hudud aholisi haqidagi ma`lumotlar oilaviy shifokor punkti qaydnomalarida mavjud bo`ladi. Emlash holatlarini ro`yxatga olishda fuqarolarning pasport seriyalaridan foydalaniladi. Ayrim holatlarda ushbu pasport seriyalari xato bo`lishi yoki boshqa fuqaroga tegishli seriyalar bilan kiritish holatlari uchraydi.

Yuqoridagi holatda adashib kiritilgan pasport seriyasi tufayli vafot etgan fuqaro nomiga SMS-xabar borgan.

Boshqa odamga xabar borishi masalasiga kelsak, fuqaroning telefon raqamini kiritishda xatolikka yo`l qo`yish holatlari uchrab turibdi. 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar