AsosiyJamiyat

Namanganda sudga ta`sir o`tkazishga uringan va jabrlanuvchilardan 500 AQSh dollari talab qilgan blogerga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atildi

'Namanganda sudga ta`sir o`tkazishga uringan va jabrlanuvchilardan 500 AQSh dollari talab qilgan blogerga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atildi'ning rasmi

Namanganda  sudga ta`sir o`tkazishga uringan, o`zini bloger sifatida tanishtirgan Sh. Yu.ga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atildi. Bu haqda Sudyalar oliy kengashi axborot xizmati xabar bermoqda.

Aniqlanishicha, Sh.Yu. jinoyat ishlari bo`yicha Namangan tuman sudi ish yurituvidagi Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismi (qasddan badanga engil shikast etkazish) va boshqa moddalari bilan ayblanayotgan K. T.ga oid jinoyat ishi bo`yicha engilroq jazo tayinlanishiga erishish maqsadida sudya qabuliga kirib, hali mazmunan ko`rib chiqilmagan ish bo`yicha intervyu berish talabini qo`yadi.

Bunga javoban sudya  qachon va qay tartibda intervyu berishiga oid qonun normalarini tushuntirib, yozma murojaat etishini so`raganda Sh.Yu. hech qanday izohsiz chiqib ketadi.

Shundan so`ng Sh. Yu. sudlanuvchining onasi bilan telefon orqali bog`lanib, go`yoki sudyani  “duxi”ga o`tqazgani, o`g`lini jarima jazosi bilan sud zalidan olib chiqib ketishi mumkinligini, buning uchun birgalikda ikkita videorolik tayyorlash kerakligini aytadi.

Videorolikning biri “sudyaga rahmat, adolatli ekan”, ikkinchisi “sud o`g`limni qamab yuboryapti, aybsiz edi, o`zimni yoqib yuboraman” mazmunida bo`lishi kerakligi, agar sudya jarima jazo tayinlashga rozi bo`lmasa, ikkinchi videorolikni internet tarmog`ida tarqatib yuborishini bildiradi.

Buning evaziga sudlanuvchining onasidan 500 AQSh dollari talab qiladi.

Olib borilgan tergovga qadar tekshirish natijasida Sh. Yu.ga nisbatan  tuhmat   (JK 139-modda) va firibgarlikka (JK 168-modda) qasd qilish, shuningdek, sud ishlariga aralashish, ya`ni adolatsiz hukm chiqarilishiga erishish maqsadida sudyaga turli shaklda qonunga xilof ravishda ta`sir o`tkazish (JK 236-modda) alomatlari bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi.

Tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar