AsosiyJamiyat

Innovasion rivojlanish vaziri Tatariston Prezidenti bilan uchrashdi

'Innovasion rivojlanish vaziri Tatariston Prezidenti bilan uchrashdi'ning rasmi

15 sentyabr kuni Rossiya Federasiyasining Qozon shahrida O`zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Tatariston Prezidenti Rustam Minnixanov bilan uchrashdi. Uchrashuv Qozon shahrining Kremlida bo`lib o`tdi. Vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda. 

 

Innovasion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov boshchiligidagi delegasiya Qozonga tashrifi chog`ida TCI – 2021 Global konferensiyasida ishtirok etadi, «Ximgrad» texnopolisi va Innopolis shaharchasi faoliyati bilan tanishadi.

 

Tomonlar O`zbekiston va Tatariston o`rtasida ilm-fan, innovasiyalar va texnologiyalar sohasida hamkorlik uchun ulkan imkoniyatlar mavjudligini qayd etdilar. Rustam Minnixanov Tatariston Rossiyaning eng iqtisodiy va innovasion jihatdan eng barqaror rivojlangan hududlaridan biri ekanini, axborot texnologiyalar rivojiga alohida e`tibor berilishini ta`kidladi. Shu o`rinda R. Minnixanov O`zbekistondagi oxirgi besh yillikdagi o`zgarishlar haqida gapirarkan, O`zbekistonning jahon maydonidagi imiji ijobiy tomonga o`zgarganini, bu o`z navbatida davlatlararo turli yo`nalishlarda hamkorliklar uchun keng yo`l ochib berganini aytdi.

 

Innovasion rivojlanish vaziri R. Minnixanovning joriy yil iyun oyida Toshkentga tashrifi natijalarini yuqori baholadi. Tashrif chog`ida erishilgan kelishuvlar jadal amalga oshirilayotani haqida fikrlar almashildi. Vazir O`zbekiston va Tatariston o`rtasida qo`shma startap loyihalarni amalga oshirish hamda O`zbekiston oliy ta`lim muassasalarining innovasiyalar bo`yicha prorektorlari uchun Tataristonda «Innovasion menejment» yo`nalishida maxsus kurslar tashkil etish taklifini ilgari surdi. R. Minnixanov O`zbekiston delegasiyasi takliflarini qabul qilib, tomonlar mazkur loyihalarni amalga oshirishga kelishdilar.

 

Shuningdek tomonlar Innovasion rivojlanish vazirligi binosining ko`rgazmalar zalida Tatariston burchagini tashkil etish zarurligini inobatga olib, bu bo`yicha tashkiliy ishlarni rejalashtirdilar. O`z navbatida, noyabr oyida Toshkent shahrida o`tkaziladigan InnoWeek-2021 Xalqaro innovasion g`oyalar haftaligiga Tatariston delegasiyasining tashrifi kutilmoqda.

    Boshqa yangiliklar