AsosiyJamiyat

Toshkentda 32 yoshli erkakka rafiqasining jigaridan bir bo`lagi ko`chirib o`tkazildi

'Toshkentda 32 yoshli erkakka rafiqasining jigaridan bir bo`lagi ko`chirib o`tkazildi'ning rasmi

Kuni kecha akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining malakali mutaxassislari tomonidan yana bir ortotopik jigar transplantasiyasi operasiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Bu haqda SSV Axborot xizmati xabar bermoqda. 

Ma`lum qilinishicha, shu yilning avgust oyida o`tkazilgan operasiyadan so`ng markaz mutaxassislari tomonidan jigarida patologik o`zgarishlari bo`lgan ko`p sonli bemorlarga turli maslahatlar berilgan. Tirik donordan jigarning bir qismini ko`chirib o`tkazish amaliyoti uchun ana shu bemorlar ichidan eng og`ir ahvoldagisi tanlab olingan.

Uchtepa tumanida yashovchi 32 yoshli O`ktam Ahmedovga ayoli, 28 yoshli Farangiz Ahmedovaning jigaridan bir bo`lagi ko`chirib o`tkazildi.

Operasiyaga boshchilik qilgan xirurg, professor Mirshavkat Akbarovning ta`kidlashicha, dastlabki tekshiruvlarda bemorning akasi donorlikka tayyorlanayotgan bo`lgan. Lekin tekshiruvlar anatomik xususiyatlari tufayli uning jigaridan o`ng bo`lagini olish mumkin emasligini ko`rsatgan. Keyin esa bemorning turmush o`rtog`i tekshirilib, jigarning o`ng bo`lagini olish uchun barcha ko`rsatkichlar mos kelgan.

Operasiya texnik qiyinchiliklar bilan 14 soat davom etgan bo`lishiga qaramasdan, barcha jarayonlar ijobiy yakunlangan. Hozirgi paytda bemorning ahvoli barqaror deb baholanmoqda, donor esa palataga o`tkazilgan.

— Ko`z oldingda turmush o`rtog`ingning kasallikdan so`lib borayotganini, bundan farzandlaring ham ezilayotganini ko`rish ayol kishi uchun juda og`ir, — deydi donor Farangiz AHMEDOVA. — Besh yildirki, turmush o`rtog`im jigar xastaligidan aziyat chekadi. Shu vaqtgacha juda ko`plab shifoxonalarda davolanib, turli muolajalar oldi, lekin foydasi bo`lmadi.  

So`ng shifokorlar turmush o`rtog`imning kasallikdan to`liq sog`ayib ketishi uchun jigar ko`chirib o`tkazish jarrohlik amaliyotini o`tkazish zarurligini aytdishdi. Atrofdagi ko`pchilik buning uchun Hindistonga borish kerakligini va amaliyot ancha qimmat ekanini aytdi. Bundan tushkunlikka tushgandik. Keyin esa mana shu shifoxonada bunday amaliyot o`tkazish yo`lga qo`yilganidan, dastlab bunday operasiyani boshdan o`tkazgan bemorlarning ahvoli juda yaxshi ekanidan xabar topdik.  

Shifoxonaga order orqali kelganimiz uchun mablag` masalasida ham hech qanday muammo bo`lmadi. Ushbu muassasada turmush o`rtog`imga jigarimning bir bo`lagini ko`chirib o`tkazishdi. Operasiyadan yaxshi chiqdik. Hozirda turmush o`rtog`imning ham, mening ham ahvolimiz yaxshi. O`zim yuryapman, ovqatlanyapman.  

Turmush o`rtog`imni ham bir-ikki kunda palataga olishar ekan. Shifokorlar juda yaxshi qarashyapti. Fursatdan foydalanib, ularga ko`pdan-ko`p rahmat aytaman,- deydi bemorning turmush o`rtog`i. 

 

    Boshqa yangiliklar