Toshkentning “Lokomotiv” jamoasi Osiyo chempionlar ligasining navbatdagi turini o`z maydonida Eronning “Sepaxon” klubiga qarshi o`tkazib, 1:0 hisobida g`alaba qozongani haqida xabar bergan edik.
“Lokomotiv” futbol klubi matbuot xizmatining xabar berishicha, uchrashuvdan oldin har ikkala klub rahbarlari – Rajabov Mansur Kuchkarovich (“Lokomotiv” PFK prezidenti) va Asgar Bageriyan (“Sepaxon” FK Boshqaruv raisi) ikkala jamoa o`rtasidagi hamkorlik shartnomasiga imzo chekishdi.
Hamkorlik shartnomasida quyidagi gaplar yozilgan.
O`zbekistonning “Lokomotiv” futbol klubi hamda Eron Islom Respublikasining “Sepaxon” futbol klubi rahbarlarining o`zaro kelishuvi asosida O`zbekiston va Eron Islom Respublikasining madaniyat va sport sohasida o`zaro aloqalarni yanada mustahkamlash va jamoalar orasida sport bo`yicha o`zaro malaka almashish uchun quyida sanab o`tilgan bo`limlarni kelajakda ikki klub o`rtasida yo`lga qo`yish maqsadida ushbu bitim imzolanadi:
1. Jamoalarga tegishli bo`lgan sportchilarni o`zaro kelishuv asosida u yoki bu klubga transfer qilish;
2. Jamoalarning turli yoshdagi futbolchilari o`rtasida belgilangan qoidalarga ko`ra o`rtoqlik va nazorat uchrashuvlarini tashkil etish;
3. Eron va O`zbekiston sport jamoalarining u yoki bu mamlakatda o`quv-yig`in mashg`ulot olib borishini ta`minlash;
4. Yangi futbol metodlari va qo`llanmalari bo`yicha o`zaro fikr almashish, futbol mashg`ulotlari jarayonlarini disklarga yozgan holda jamoa ustozlari va futbolchilar orasida umumiy tajriba almashish;
5. Va yana boshqa turli yo`nalishlarda o`zaro kelishuvni qo`llab-quvvatlash va shu asosda ish olib borish.
Muxlislarga yaxshi ma`lum, “Lokomotiv” o`tgan yil Angliyaning “Flitvud Taun” futbol klubi bilan hamkorlikni yo`lga qo`ygandi. Bu yil esa “Sepaxon” bilan ham yangi maqsadlar sari hamkorlik shartnomasi imzolandi.