Yaqinda yuz bergan ayrim voqealar munosabati bilan ko`p qavatli uydagi turar joyning balkonida jinsiy aloqaga kirishish mavzusi muhokamalarga sabab bo`ldi.
Shu bois, huquqiy jamiyatda bu kabi noodatiy voqelik fuqarolar tomonidan noto`g`ri talqin qilinishi va jamiyatda yurish-turish qoidalariga hamda sog`lom axloqiy muhitga salbiy ta`sir qilishining oldini olish maqsadida mazkur masalada huquqiy tushuntirish berishni lozim, deb hisoblaymiz.
O`zbekiston qonunchiligiga ko`ra, shaxsiy hayot daxlsiz, qonunchilikda belgilangan yoshga etgan fuqarolar (hozirda 16 yosh) o`z ixtiyorlariga ko`ra, jinsiy hayot kechirishlari mumkin. So`nggi yillarda mehmonxonalarga o`zaro nikohda bo`lmagan erkak va ayollarning birga joylashishiga oid ta`qiqlar ham bekor qilindi, ya`ni ayrim ahloqiy masalalarni davlat tartibga solmaydi, balki insonlar o`zlari o`z shaxsiy hayotini o`z qarashlariga ko`ra shakllantiradi.
Shunday bo`lsada, ahloqiy munosabatlarning ham chegarasi mavjud bo`lib, ular jamiyatdagi barqaror ijtimoiy muhitni ta`minlash uchun juda zarur hisoblanadi. Shuning uchun, ko`p qavatli uydagi turar joylarning balkonlarida jinsiy aloqa qilish huquqiy tomondan ko`rib chiqilishi zarur bo`lgan masaladir.
Shu kabi harakatga qanday jazo berilishi mumkin?
Agar, ko`p kvartirali uyning balkonida namoyishkorona, ya`ni boshqalarga ochiqdan-ochiq ko`rinib turgan holatda (devorlar va oynalar bilan o`ralmaganligi, ko`chaning barcha uchun ko`rishi mumkin bo`lgan tarafiga qaraganligi va b.) jinsiy aloqa qilish sud tomonidan fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik deb baholanishi, Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeks (MJtK)ning 183-moddasida (Mayda bezorilik) nazarda tutilgan huquqbuzarlik sodir etilgan deb topish uchun asos bo`lishi mumkin.
Shu bilan birga, ushbu harakatlar Jinoyat kodeksi 277-moddasi ikkinchi qismi “g” bandi (o`z mazmuniga ko`ra umum e`tirof etgan axloq qoidalarini namoyishkorona mensimaslikda ifodalanuvchi o`taketgan behayolik bilan sodir etilgan bezorilik) bilan kvalifikasiya qilinishi mumkin.
O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002 yil 14 iyundagi
9-sonli “Bezorilikka oid ishlar bo`yicha sud amaliyoti haqida”gi qaroriga muvofiq mayda bezorilik tushunchasi O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 183-moddasida berilgan bo`lib, uning mazmuniga ko`ra, ushbu huquqbuzarlik jamoat joylarida uyatli so`zlar aytish, behayo qiliqlar ko`rsatish, fuqarolarga nisbatan haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibi va fuqarolar osoyishtaligini boshqacha tarzda buzish kabi jamiyatda yurish-turish qoidalarini mensimaslikda ifodalanadi.
Ushbu holatda, ayrim ekspertlar balkon jamoat joyi toifasiga kirmasligi, u xususiy mulkning bir bo`lagi bo`lganligi uchun uning hududida amalga oshirilgan jinsiy aloqa qonunchilikni buzmagan hisoblanadi, talqinida shoshma-shosharlik bilan fikrlar bildirildi. Albatta, ushbu fikrlar aholini chalg`itadi va turar joylarning balkonida shunday harakatlarni bemalol qilish mumkin degan noto`g`ri xulosaga olib kelishi mumkin.
Chunki, MJtKning 183-moddasi mazmunidagi “uyatli so`zlar bilan so`kinish, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish” kabi harakatlarni ma`muriy huquqbuzarlik deb topish uchun ular jamoat joylarida sodir etilgan bo`lishi lozim bo`lsa, ushbu moddaning keyingi qismida keltirilgan “jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi boshqa xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik” bilan bog`liq xatti-harakatlarni sodir etish joyidan qat`iy nazar, “mayda bezorilik” deb baholanishi mumkin. Chunki fuqarolarni osoyishtaligi faqat jamoat joylarida emas, balki har qanday joyda buzilishi mumkin va balkondagi yuqoridagi harakatlar albatta boshqa fuqarolarning osoyishtaligini buzadi va jamiyatdagi axloqiy muhit hamda tarbiyaga juda salbiy ta`sir qiladi.
Bunda Jinoyat kodeksi 277-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoiy oqibatlar mavjud bo`lmasligi kerak.
Jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik deganda, normativ-huquqiy hujjatlar, odob va axloq normalari, urf-odat, an`analar bilan belgilangan jamoat tartibini (odamlararo munosabatlar, yurish-turish qoidalari, shakllangan ijtimoiy turmush tarzini) qo`pol tarzda buzish tushuniladi.
Jinoyat kodeksi 277-moddasi 2-qismining “g” bandida ko`zda tutilgan bezorilik harakatlariga baho berishda aybdorning aynan qaysi harakatlari o`taketgan behayolik ekanligiga ham alohida baho beriladi.
Bezorilik harakatlarini o`taketgan behayolik bilan sodir etilgan deb topishda ishning muayyan holatlari majmuidan kelib chiqiladi hamda sodir etilgan jinoyatning xususiyati, vaqti, joyi va shart-sharoitlarini inobatga olinadi.
Xorijda qanday?
Mazkur yondashuvni to`g`riligi va asosligi ko`plab rivojlangan xorijiy davlatlardagi qonunchilik va amaliyot bilan ham tasdiqlanadi.
Germaniyada uylarning balkonlarida jinsiy aloqada bo`lish to`g`ridan-to`g`ri taqiqlanmagan (O`zbekiston kabi). Xususan shovqin bo`yicha talab belgilangan bo`lib, agarda shovqin soat 22:00 dan keyin qo`shnilarning derazani yopgan holda uxlashiga xalaqit bersa, sudga arz bilan murojaat qilishlari mumkin.
Biroq, jinsiy aloqa qilayotgan shaxslar boshqa fuqarolar ularni ko`rmasligi yoki eshitmasligi uchun barcha ehtiyot choralarini ko`rishlari kerak. Aks holda, ular nafaqat jamoat tartibini buzganlik uchun ming evrogacha miqdorda jarima, balki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan ham jazolanishi mumkin (GFR Jinoyat kodeksining 183-moddasi).
AQShda ko`pgina shtatlarda jamoat joylarida jinsiy aloqa qilishni taqiqlovchi qonunlar mavjud. Biroq, har bir holatda qilmish sodir etilgan joyni jamoat joyi hisoblanishi yoki hisoblanmasligi sud tomonidan individual yondashuv asosida hal qilinadi.
Agar shaxs kunduzgi vaqtda ko`chada mashinada jinsiy aloqa bilan shug`ullansa va bu yo`lovchilarga aniq ko`rinadigan bo`lsa, unda mashina saloni jamoat joyi sifatida baholanishi mumkin.
Shu bilan birga, Nyu-York sudi tomonidan People v. McNamara, 585 N.E.2nd 788 (1991) ishi bo`yicha qilmish boshqa shaxslarga ko`rinmaganligi sababli mashinadagi jinsiy aloqa holatini, jamoat joyidagi jinsiy aloqa deb topilmagan (aynan boshqalarga ko`rinmagani uchun).
Shuningdek, AQShda jamoat joyi va binolaridagi jinsiy aloqa to`g`ridan-to`g`ri taqiq faqatgina ushbu hududlardagi hojatxonalarga nisbatan belgilangan. Bunda, balkon yoki boshqa joyning jamoat joyi hisoblanishi yoki hisoblanmasligi masalasi holatga, jamoatchilik nigohiga osonlik bilan tashlanishiga qarab, sud presedentlari asosida hal qilinadi. AQShning Kaliforniya (Jinoyat kodeksining 314 va 647 (a)-moddalari) va Texas (Jinoyat kodeksining § 21.07 (a)-moddasi) shtatlarida jamoat joyida jinsiy aloqa qilish, agar ushbu aloqa jarayonini atrofdagi shaxslar ko`rib qolishi ehtimoli mavjud bo`lsa, jinsiy aloqa qaerda sodir bo`lganidan qat`iy nazar, bu holat jinsiy aloqaga kirishgan shaxslarni javobgarlikka tortishga asos bo`ladi. Jamoat joyi deyilganda, ushbu tushunchaga xattoki o`zining garajida turgan shaxsiy mashinasida jinsiy aloqaga kirishganda hamda bunda
agar garaj eshiklari ochiq qolgan bo`lsa ham atrofdagi insonlar ko`rib qolish ehtimoli mavjud bo`lganligi sababli, jamoat joyida jinsiy aloqa qilish deb talqin qilinadi. Jamoat joyi deb talqin qilinmasligining sharti bo`lib, garaj va mashina eshiklarining to`liq yopilganligi va garajda oynalarning mavjud emasligi belgilangan.
Ushbu mazmundagi qonunchilik Avstraliyaning Kvinslend va Yangi Janubiy Uels shtatlaridaham mavjud bo`lib, bir guruh shaxslar xordiq chiqarayotgan plyajda, agar shaxs jinsiy aloqaga kirishsa va ushbu jarayon atrofdagi shaxslar tomonidan ko`rilishi ehtimoli mavjud bo`lsa, jinsiy aloqaga kirishgan shaxs jamoat tartibini buzgan hisoblanadi va ushbu holat huquqbuzarga nisbatan jarima yoki qisqa muddatli qamoq jazosini qo`llash bilan jazolanadi.
Buyuk Britaniyada ham xuddi AQShdagiday qoidalar amal qiladi.
Shu bilan birga, jamoat joyidagi jinsiy aloqa uchun javobgarlikka tortishda ikki qonun normalari ham inobatga olinadi. Bular:
Jamoat tartibi to`g`risidagi Qonunning (1986) 5-moddasiga muvofiq, bunday xatti-harakat boshqalarning eshitish qobiliyati yoki ko`rishi doirasida sodir etilgan bo`lsa;
Jinsiy jinoyatlar to`g`risidagi Qonunga (2003) ko`ra, xatti-harakatni jinoyat deb topish uchun shaxs o`zining jinsiy organlari qasddan ko`rsatilgan bo`lsa javobgarlikka sabab bo`ladi.
Kanadada jamoatjoyidagi jinsiy aloqa jazoga tortilishi uchun bu bir yoki bir nechta boshqa shaxslar ko`z oldida amalga oshirilishi kerak.
Agar bu bir yoki bir nechta boshqa shaxslar ko`z oldida amalga oshirilsa yoki bir yoki bir nechta boshqa shaxslar buni ko`rish ehtimoli bo`lsa, unda juftlik Kanada Jinoyat kodeksining 173-moddasiga uyatsiz qilmish sodir etganligi uchun javobgarlikka tortilishi (maksimal jazo 18 oylik qamoq) mumkin.
Bundan tashqari, Xorvatiya qonunchiligiga binoan, balkon jamoat joyi sifatida talqin etilib, balkonda jinsiy aloqa qilish javobgarlikka tortishga asos bo`lib xizmat qilib, 3-7 ming xorvat kunasigacha (tahminan 450-1100 AQSh dollari) miqdorda jarimaga sabab bo`ladi. Xulosa o`rnida aytish mumkinki, fuqarolarning shaxsiy hayoti daxlsizligi qonunlar bilan kafolatlangan, biroq bu jamiyatda umum qabul qilingan axloq normalarini toptashga izn bermaydi, ya`ni xatto xususiy mulk hududida ham muayyan qoidalarga rioya qilish lozim. Shundagina jamiyatdagi sog`lom muhit barqaror bo`lib, uning asrlar davomida shakllangan axloqiy qadriyatlari bus-butunligiga putur etmaydi.
Mazkur tushuntirish insonlar hayotining axloqiy-huquqiy jihatlariga ta`sir etuvchi ijtimoiy masalalarga taalluqli bo`lganligi bois, ommaviy axborot vositalarini uni kontekstdan ajratmagan holda to`liq shaklda tarqatishga chaqirib qolamiz.
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqotinstituti mas`ul xodimi S.Avezov,
Huquqshunos