Sharq qahramoni Xo`ja Nasriddin sarguzashtlari haqidagi Timur Bekmambetovning yangi animasion loyihasi O`zbekiston va Qozog`istonda namoyish etiladi.
Timur Bekmambetovning "Bazelevs" kinokompaniyasi O`zbekiston Kinematografiya agentligi va "Qozoqfilm" kinostudiyasi bilan hamkorlikda respublikalarda animasion maktablar ochadi, ular keyinchalik to`laqonli studiyalarga aylanishi kerak. Ular "Xo`ja Nasriddin" multfilmini ishlab chiqarish jarayonida va boshqa animasion loyihalarda ishtirok etishadi.
Tomonlar bu borada "Ipak yo`li durdonasi" Toshkent xalqaro kinofestivali davomida kelishib oldilar. Tegishli shartnoma Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari o`rtasidagi koproduksion loyihalarga bag`ishlangan panel sessiyasi doirasida imzolandi.
— "Markaziy Osiyo mamlakatlarida Xo`ja Nasreddinni hurmat qilishadi va sevishadi, uning vatani shu erda deb ishonishadi. Sevimli ertak va masal qahramonining sarguzashtlari haqidagi animasion film ustida birgalikda ishlash imkoniyati paydo bo`lganidan xursandman. Ushbu loyiha aynan Sharqda, O`rta Osiyoda, shuningdek, mahalliy rassomlar ishtirokida yaratilishi e`tiborga loyiq", - deb izoh berdi Timur Bekmambetov.
— Bu juda muhim va qiziqarli loyiha bo`lib, unga o`zbekistonlik yosh animatorlar ham jalb qilinadi. O`zbekiston tomonidan ajratilgan investisiyalarning 50 foizi yoshlarning gonorarlari sifatida qaytadi, yosh ijodkorlar tanlov asosida saralab olinadi. O`z navbatida, Kinematografiya agentligi zarur texnika va uskunalarning barchasini taqdim etadi. Bu ulkan tajriba, loyiha yakunlanganidan so`ng biz multiplikasiya sohasida tayyor kadrlarga ega bo`lamiz. Afsuski, hozircha O`zbekistonda ushbu sohadagi kadrlar soni juda ham kam", — deya ta`kidladi O`zbekiston Kinematografiya agentligi rahbari Firdavs Abduxoliqov