"Lazgi muhabbat va qalb raqsi" baleti Rossiya shaharlarida ham namoyish etiladi. Bu haqda Uzbektourism xabar berdi.
Unga asosan, joriy yilning 6 oktyabrida Bosh vazir o`rinbosari - Turizm va sport vaziri A.Abduhakimov Rossiya Federasiyasi Prezidentining Xalqaro madaniy hamkorlik bo`yicha maxsus vakili M.Shvidkoy hamda MDH davlatlararo gumanitar hamkorlik jamg`armasi ijrochi direktori A.Iksanov bilan uchrashdi.
Mixail Shvidkoy O`zbekistonda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar va o`zgarishlar, shu jumladan, madaniy sohadagi yirik loyihalar tahsinga loyiqligini ta`kidlar ekan, "Toshkent nafaqat non shahri, balki mintaqaning madaniy poytaxtidir va aynan shu erda madaniyat sohasining ko`plab vakillari ta`lim olgan", - deya qayd etadi.
Uchrashuv yakuniga ko`ra, tomonlar joriy yilning noyabr oyida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida bo`lib o`tishi rejalashtirilgan IX Xalqaro madaniyat forumida O`zbekiston vakillari ishtirokini, "Lazgi — muhabbat va qalb raqsi" baletining Rossiyaning Moskva, Sankt-Peterburg, Perm va boshqa shaharlaridagi namoyishini tashkil etish, O`zbekiston muzeylarida olib borilayotgan restavrasiya ishlari hamda ular faoliyatini rivojlantirish borasida hamkorlik qilishga kelishib oladilar.