AsosiySiyosat

Senatning 21-yalpi majlisi 20 oktyabr kuniga belgilandi. Unda qanday masalalar ko`riladi?

'Senatning 21-yalpi majlisi 20 oktyabr kuniga belgilandi. Unda qanday masalalar ko`riladi?'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo`lib o`tdi. Uni Senat Raisi Tanzila Narbaeva olib bordi, deya xabar bermoqda Senat Axborot xizmati. 

Ma`lum qilinishicha, majlisda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirmanchi yalpi majlisini 2021 yil 20 oktyabr kuni chaqirish to`g`risida qaror qabul qilindi.

Videokonferensaloqa tarzida o`tkaziladigan yalpi majlisda bir qator masalalar ko`rib chiqilishi nazarda tutilgan. “Ijtimoiy tadbirkorlik to`g`risida”gi, “O`zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga qo`shimcha va o`zgartishlar kiritish to`g`risida”gi, “2021 yil uchun O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga o`zgartishlar kiritish haqida”gi, “Suv va suvdan foydalanish to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi, “Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarning huquqlarini himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan  O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo`shimcha va o`zgartishlar kiritish haqida”gi, “Muzeylar to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga qo`shimchalar kiritish haqida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, Bosh vazir o`rinbosarining etim bolalar va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash hamda nogironligi bo`lgan bolalarga ko`rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini yaxshilash yuzasidan axboroti hamda “O`zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining faoliyati, Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirining ko`p kvartirali uy-joylarga xizmat ko`rsatish holati, shu jumladan, boshqaruv kompaniyalarining faoliyati yuzasidan axborotlari eshitilishi rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, mamlakatimizdagi avtomobil yo`llari hamda sun`iy inshootlarning holati va transport vositalarining xavfsiz harakatlanishini ta`minlashga doir qonun hujjatlarining ijro etilishi, qon va uning tarkibiy qismlari donorligi sohasini rivojlantirish uchun ko`rilayotgan choralar hamda koronavirus pandemiyasidan keyin turizmni tiklash va rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi holati yuzasidan hukumatga yuborilgan parlament so`rovlari natijalari muhokama qilinishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob`ektlari hamda aholi turar-joylarida quyosh va shamol energiyasidan foydalanish bo`yicha Qoraqalpog`iston Respublikasida amalga oshirilayotgan ishlar to`g`risida Vazirlar Mahkamasiga parlament so`rovi yuborish va boshqa masalalar ko`rib chiqilishi rejalashtirilgan. 

    Boshqa yangiliklar