Davlat byudjetining asosiy qismi soliq tushumlaridan iborat. Soliq tushumlari orasida bojxona to`lovlari asosiy o`rinni egallaydi. Shunday ekan, bojxona tizimini yaxshilash, eksport hajmini oshirish va bu bilan tadbirkorlarga qulay sharoit yaratish bugungi kun talabi. Bu borada davlatimiz tomonidan bir qator islohotlar ham qilinyapti.
Davlat bojxona qo`mitasining Toshkent shahar bojxona boshqarmasi tomonidan matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalistlar va blogerlar uchun “Yangilanayotgan bojxona: “Sirg`ali” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida tadbirkorlar uchun yaratilgan qulayliklar” mavzusida tashkillashtirilgan navbatdagi press-tur ana shu islohotlar samarasini ko`rishga imkon berdi.
So`nggi yillarda davlat bojxona xizmati organlari faoliyati ham tubdan yangilandi. Eng avvalo, tizimga “Raqamli bojxona” tamoyiling keng joriy qilinayotganligi tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining ham vaqtini, ham xarajatlarini tejashga xizmat qilmoqda.
Masalan, bojxona nazorati va rasmiylashtiruviga sarflanayotgan vaqtni qisqartirish uchun “Xavflarni boshqarish”, “Yagona darcha” kabi bojxona axborot tizimlari va elektron xizmatlar ko`rsatilmoqda.
Yangi tizim orqali, bojxona deklarasiyasini rasmiylashtirish vaqti eksportda 1,7 barobarga, importda esa 1,4 barobarga qisqartirildi. Shu bilan birga, 76 foiz BYuDlar soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirilgan, bu ko`rsatkich eksportda 84 foizni va importda 74 foizni tashkil etadi.
Joriy yilning 10 sentyabr kuni qabul qilingan “Bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va davlat bojxona xizmati organlari tashkiliy tuzilmasini yanada takomillashtirish to`g`risida”gi PF-6310-son Prezident Farmonining mazmun-mohiyati ham press tur davomida muhokamalar markazida bo`ldi.
Mazkur Farmonga muvofiq 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab bojxona nazoratini olib borishda “Masofaviy elektron deklarasiyalash” bojxona postlari faoliyati yo`lga qo`yildi.
Press turda jurnalistlar “Sirg`ali”tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti tarixi, u erdagi bojxona rasmiylashtiruvi jarayonini soddalashtirish, bojxona nazoratining shakl va usullarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishishdi.
“Sirg`ali” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida 2021 yilning 9 oyi davomida 36 379 ta bojxona yuk deklarasiyalari rasmiylashtirilib, ular bo`yicha 2 trln. 336 mlrd.so`mlik bojxona to`lovlari davlat byudjetiga o`tkazilgan.
Mazkur post orqali tadbirkorlarimiz tomonidan ishlab chiqarilgan salkam 344,4 mln AQSh dollaridan ziyod mahsulotlar xorijga eksport qilingan.
Tadbirkorlik faoliyatini qo`llab-quvvatlash, ularga bojxona to`lovlari bo`yicha imtiyozlar berish yo`nalishida ham bir qator ishlar amalga oshirilgan.
Jumladan, 10 ortiq turdagi ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan xom-ashyo, texnologik asbob uskunalar, maishiy texnika va ularning qismlari kabi tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvida 931,4 mlrd. so`m bojxona to`lovlaridan imtiyozlar berilgan.
Bojxona postida yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, noqonuniy tovar-moddiy boyliklarning yurtimiz hududiga kirib kelishini oldini olishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilgan.
Xususan, o`tgan davrda 227 ta holatda 1 mlrd 948 mln. so`mdan ortiq tovarlarning noqonuniy kirib kelishini oldi olingan. Ular bo`yicha 8,1 mlrd so`mdan ziyod qo`shimcha bojxona to`lovlari hisoblanib, davlat byudjetiga undirilishi ta`minlangan.
Bojxona posti tasarrufida 33 ta bojxona omborlari mavjud bo`lib, 29 tasi ochiq, 4 tasi yopiq turdagi bojxona omborlar hisoblanadi.
Mazkur bojxona omborlarining barchasi videokuzatuv moslamalari bilan jihozlangan bo`lib, videotasvirlarni oylayn tarzda Davlat bojxona qo`mitasi hamda hududiy boshqarmasi orqali kuzatish imkoniyati mavjud.