Yenu Byorkxartu (Ian Burkhart) 19 yoshida daryoning sayoz joyiga sho`ng`iyman, deb bo`ynini qayirib olgan. O`shandan beri olti yil o`tishiga qaramay, u oyoq-qo`lini qimirlata olmay, beharakat yotgan. Ayni damda u bir qo`lining barmoqlarini “telepatik” qurilma yordamida nazorat qilmoqda, deb xabar berdi “Vesti” nashri.
Manxassetdagi Faynshteyn nomli institut va Ogayo Universiteti olimlari tomonidan yuzlab elektrodlardan tashkil topgan no`xatday qurilma Byorkxart miyasining harakatlarni boshqaruvchi qismiga o`rnatishgan.
Operasiya oldidan olimlar bemorning miyasini skanerdan o`tkazib, harakatlarni boshqaruvchi kerakli qismini topishdi. Keyin neyrojarrohlar operasiya jarayonida elektr stimulyasiyasi yordamida miyaning o`ng qo`l harakatlarini boshqaradigan qismini aniqlab olishdi.
Injenerlar Yenning qo`l muskullariga ta`sir qiluvchi elektrodlar bilan jihozlangan qo`lqopni tadqiq etishdi. Bu elektrodlar harakatlarni nazorat qiluvchi muskullarning muayyan qismi ishini kuchaytiradi.
Byorkxart NeuroLife, ya`ni “fikrlash kuchi” nomli tizimni boshqarish uchun maxsus dasturni o`qib-o`rgandi. Tadqiqotchilar unga biror harakatni bajarish haqida o`ylang deb maslahat berishdi. Shundan keyin olimlar uning miya faoliyatini kompyuter yordamida tekshirib, miya to`lqinlarini algoritm signallari yordamida qo`ldagi qo`lqopga yubordilar. Sinalayotgan odamning fikrlarini o`qish uchun biroz vaqt kerak bo`ldi. Ammo aynan bir harakatlarni qayta-qayta takrorlash natijasida jarayon mukammalashtirildi.
So`nggi ikki yil mobaynida Byorkxart haftada ikki-uch marotaba neyrointerfeys yordamida mashq qilishni o`rganmoqda. Bugunga kelib, u shishani ochib-yopishni, turli buyumlarni ushlashni o`rganib oldi, hatto Guitar Hero videoo`yinlarini ham o`ynayapti.
“Avvaliga Yen faqatgina mushtini tugardi, endi esa har bir barmog`i 70% aniqlikda harakat qilmoqda. Uning harakatlari borgan sari mukammalashib bormoqda,” – deb izoh berdi tadqiqot muallifi Ali Rezaiy.
“Men tuzalishimga ishonganim uchun ortiqcha tushkunlikka tushmadim, – deydi Byorkxart,– zamonaviy ilmiy-texnika yutuqlari mening hayotimni ijobiy tomonga o`zgartirdi”.
Ba`zi bir tadqiqotchilarning fikricha, barmoqlar harakatini boshqarishni nafaqat ichkaridan, balki tashqaridan kuchaytirish orqali ham yaxshilash mumkin deb hisoblashmoqda. Ular kelajakda bemor miyasiga o`rnatilgan sensorlar jarrohlik aralashuvisiz, bosh terisi ostiga datchiliklar o`rnatish orqali amalga oshirilishiga umid bog`lashmoqda.
Olimlar bundan tashqari insultga chalingan, bo`yin umurtqa suyagidan jarohat olgan va beharakat yotgan insonlar uchun qurilmalar yaratish, ulardan foydalanishni bemorlarga o`rgatishni rejalashtirishgan. Bu tadqiqotlar yaqin kunlarda amalga oshirilishi ko`zda tutilgan.