Shvesiya shimolidagi Buden shahridagi muhojirlarni joylashtirish bilan shug`ullanuvchi markazda 60 ga yaqin qochoqlar ommaviy ravishda to`polon ko`tarishdi, deb xabar berdi “Lenta.ru” nashri.
To`polon mahalliy vaqt bilan soat 8: 00da boshlangan. Polisiyaning ma`lumot berishicha, janjal mazkur markazda yashovchi muhojirlarning dahanaki jangidan kelib chiqqan. Har bir odamning o`z tarafdorlari bo`lganidan janjal kattalashib, 60 ga yaqin odam to`polonga aralashib ketgan. Polisiyachi Tomas Sheufelening aytishicha, polisiya xodimlari muhojirlarni tinchlantirishga harakat qilgan, ammo kuchlari etmagandan keyin o`zlari qochishga majbur bo`lgan va polisiyadan qo`shimcha kuch yuborishni so`ragan. Huquq-tartibot idoralari xodimlari voqea joyiga zudlik bilan etib kelib, jamoat tartibini saqlashgan.
To`polon sababchisi bo`lgan erkak mast holatda bo`lgan. Polisiyachilar yana kimlar to`polon ko`tarilishiga sababchi bo`lganligini aniqlashmoqda. To`polonchilarga nisbatan jaholat va madaniyatsizlik ayblari qo`yilishi mumkin. Qochoqlar saqlanadigan lagerlarda bunday to`polonlar ko`tarilishi yangilik emas. Mart oyining o`rtalarida Brennberg shahrida sodir bo`lgan janjalda 40 kishi ishtirok etgan bo`lib, polisiya ularni tinchlantirgan edi.
Evropa mamlakatlarida joylashgan qochoqlar lagerida ommaviy to`polonlar odat tusiga kirib qolgan. 30 mart kuni Gresiyaning Pirey shahrida joylashgan qochoqlar lagerida afg`on va suriyalik muhojirlar o`rtasida ham katta janjal ko`tarilgan. Gollandiyaning Rozmalen shahrida 27 yanvarda 100 kishidan iborat odam janjal qilgan bo`lsa, o`tgan yili Finlyandiyaning Laxti shahridagi “Xennala” qochoqlar lagerida ham katta to`polon ko`tarilgan.
2015 yilda Evroittifoqda migrasiya inqirozi shiddat bilan rivojlandi. 850 mingdan iborat qochoqlar Gresiya, shu jumladan Turkiya, Egey dengizi orqali yo`lga chiqishgan. Evroittifoq hududiga milliondan ortiq muhojir kirib kelgan.