O`zbekiston dzyudo federasiyasi matbuot xizmatiRio-2016 Olimpiadasining bronza medali sohibi, Osiyo o`yinlari g`olibi, jahon va Osiyo chempionatlari sovrindori, O`zbekiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan sportchi Diyorbek O`razboevdan olingan doping tahlilda taqiqlangan modda aniqlangani borasida xabarlarga munosabat bildirdi.
Unga ko`ra, Diyorbek O`zbekiston Milliy antidoping agentligining “Milliy test ro`yxati”ga kiritilgan bo`lib, rejali tarzda doping-nazoratidan o`tishi belgilangan. Joriy yilning 6 may kuni sportchidan musobaqadan tashqari davrda doping-sinama olingan. Tekshiruv natijasida sportchi tomonidan Butunjahon antidoping kodeksi va O`zbekiston Milliy antidoping qoidalarining 2.1-moddasida ko`rsatilgan antidoping qoidabuzarligi sodir etani, ya`ni “Meldonium” taqiqlangan moddasi iste`mol qilgani aniqlangan. “Meldonium” taqiqlangan moddalar ro`yxatining S4. Gormonlar va metabolizm modulyatorlari sinfiga mansub hisoblanadi. Buning natijasida O`razboev 3 yil muddatga diskvalifikasiya qilindi. Chetlatish 2021 yil 16 avgustdan 2024 yil 15 avgustga qadar etib belgilangan.
Dzyudochi diskvalifikasiya muddati tugagunga qadar Butunjahon antidoping kodeksi va O`zbekiston Milliy antidoping qoidalarining 2.1-moddasida belgilab qo`yilganidek, xalqaro va milliy toifadagi musobaqalarda ishtirok etishi taqiqlanadi.
O`zbekiston dzyudo federasiyasi matni to`liq keltirilgan xabar yuzasidan o`z munosabatini bildiradi. Diyorbek O`razboev milliy terma jamoa a`zosi sifatida oxirgi ishtirok etgan musobaqasi 2021 yilning 18-20 fevral kunlariga to`g`ri keladi. U shu sanada Tel-Aviv (Isroil)da o`tgan “Katta Dubulg`a” turnirida qatnashgan. Ushbu musobaqadan keyin bir necha bor o`quv-mashg`ulot yig`iniga taklif qilinishiga qaramay, ishtirok etishni istamagan. Bu borada uning o`zi ham, oila a`zolari ham ogohlantirilgan. O`zi bilan profilaktik suhbatlar o`tkazilgan. Vaziyat ijobiy tomonga o`zgarmasa, milliy terma jamoadan chetlatilishi bo`yicha ogohlantirish berilgan.
Shundan kelib chiqib, Diyorbek Baxtiyor o`g`lining 2021 yilning fevralidan to shu kungacha dzyudo bilan shug`ulanmay kelayotgani, tashkil etilgan o`quv-mashg`ulot yig`inlari, xalqaro musobaqalarda ishtirok etmayotganini inobatga olgan xolda O`zbekiston milliy terma jamoasi a`zolari ro`yxatidan chiqarilgan.
Shu o`rinda xabarga oydinlik kiritib ketamiz, doping-tahlil O`zbekiston Milliy antidoping agentligi xodimlari tomonidan olingan bo`lib, Diyorbek O`razboevning Rio-2016 Olimpiadasidagi medaliga hech qanday ta`sir o`tkazmaydi.