Antibiotiklardan o`zboshimchalik bilan foydalanish allergik reaksiya yoki o`limga sabab bo`lishi mumkin — Mutaxassis

Salomatlik 02.11.2021, 12:05
Antibiotiklardan o`zboshimchalik bilan foydalanish allergik reaksiya yoki o`limga sabab bo`lishi mumkin — Mutaxassis

Ma`lumotlarga qaraganda, hozirda antibiotiklarni noto`g`ri qo`llash natijasida dunyoda yiliga 700 ming kishi vafot etadi. Bu koronavirusdan vafot etayotganlardan kam ko`rsatkich emas. Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining ma`lum qilishicha, antibiotiklardan foydalanish tartibga olinmasa, 2050 yilga borib yiliga 10 millionga yaqin odam vafot etishi mumkin.

Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligi boshqarma boshlig`i Muhabbat Ibragimova antibiotiklarni reseptsiz va tartibsiz qabul qilish organizmda chindan ham antibiotikka zarurat tug`ilganda u ta`sir qilmay qolishiga olib kelishini ta`kidlaydi.

"Buning sababi organizmda antibiotikka nisbatan chidamlilik paydo bo`lgan bo`ladi.  JSST tomonidan antibiotiklarga nisbatan chidamlilik va multichidamlilik atamalari qo`llaniladi. Chidamlilik faqat bir antibiotikka nisbatan paydo bo`lsa, multichidamlilikda bemorga hech qanday antibiotik ta`sir qilmay qoladi. Buning oqibatlari juda yomon. Koronavirus dastlab tarqala boshlagan paytda odamlar uni shamollash deb o`ylab, antibiotiklarni shifokor retseptisiz ham qabul qila boshlagan edi.  O`sha kunlardan beri koronavirusga chalinganda antibiotik kasallikka ta`sir qilmasligi haqida bot-bot ta`kidlab kelmoqdamiz. Chunki uning sababchisi bakteriya emas, virus bo`ladi. Bemorning ahvoli og`irlashib, immunitet kuchsizlanadi. Bu ta`kidlar bugun ham dolzarbligini yo`qotmaganini ko`rib turibmiz.

Antibiotiklardan pala-partish, ayniqsa, uy sharoitida o`zboshimchalik bilan foydalanish tananing boshqa a`zolari faoliyatiga ham salbiy ta`sir etadi. Jumladan, insonda jigar va buyrak etishmovchiligi bo`lsa, ushbu vositadan o`zboshimchalik bilan foydalanish oqibatida  anafilaktik shok, ya`ni allergik reaksiya bo`lib, o`lim holatiga sabab bo`lish xavfi bor",-deydi Muhabbat Ibragimova.

Mutaxassisning fikricha, antibiotiklarni faqat va faqat shifokor tavsiyasi bilangina olish lozim. Aks holda, kasallikdan davolanaman, deb o`zingiz va yaqinlaringiz salomatligiga jiddiy zarar etkazib qo`yishingiz mumkin.

Eslatib o`tamiz, Angren shahrida 11 yoshli qizga uy sharoitida tibbiy ko`rsatmasiz “Seftriakson” antibiotigini qo`llanilganidan so`ng, bemor kelib chiqqan allergik reaksiya va anafilaktik shok tufayli vafot etgan edi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1