SSV Axborot xizmatining ma`lum qilishicha, koronavirusga chalinib, o`pkasi pnevmoniyadan 65 foiz zararlangan, o`pka plevra bo`shliqlarida suv yig`ilgan bemorga yurak infarkti tashxisi qo`yilgan. Buyam etmaganidek, onaxon bir paytning o`zida insultni boshdan o`tkazayotgani aniqlangan. Ustiga ustak, infarkt asoratida yurak devorlari yorilishi diagnozi chiqqan.
Soporoz holatida, oyoqlari shishib ketgan, yotolmaydigan ahvoldagi 60 yoshli yangiyo`llik onaxon Larisa Nurlibaevani Rossiyadagi etakchi kliniklarda uzoq yillar tajriba orttirib qaytgan mohir kardiojarroh, tibbiyot fanlari doktori, professor Rustam Yarbekov boshchiligidagi tibbiyot xodimlari operasiya qilishdi.
— Bemor koronovirusdan aziyat chekayotgan, o`pkasi jiddiy zararlangan holatda sun`iy nafas olish apparatidan chiqa olarmikan, degan jiddiy xavotirimiz bor edi, — deydi Rustam YaRBEKOV. — Ammo onaxonni zudlik bilan jarrohlik stoliga yotqizmasak, hayotini saqlab qola olmasdik. Shu bois oila a`zolari va yaqinlari roziligi bilan dastlab unda koronarografiya amaliyotini o`tkazdik. Uchta tomirida shikaslanish, torayish va yopilish aniqlanib, aorta-koronar shuntlash va yurak yorilgan devorini plastika qilish operasiyasi bajarildi.
Bu jarayon besh soatdan ziyod davom etdi va murakkab operasiya muvaffaqiyatli yakunlandi. Mana, ko`rib turganingizdek, bemorning ahvoli yaxshi. Ikki hafta ichida sog`ayib ketdi. O`pkasida suv yig`ilmayapti. Kislorod uskunasisiz bemolol nafas olmoqda. Oyoqlaridagi shishlar qaytgan. Erkin harakatlanmoqda. Yurak va o`pka etishmovchiligi belgilari to`liq bartaraf etildi.
Ma`lum qilinishicha, bemor o`z vaqtida vaksina olmaganim tufayli koronavirusga chalinib, o`pkam pnevmoniyadan 65 foiz zararlangan. Shuning asoratlaridan yuragimda juda qattiq og`riq, nafas olishim qiyinlashib, hushini yo`qotgan.