O`zbekiston Kinematografiya agentligi Butunrossiya davlat kinematografiya institutiga (VGIK) o`qishga kirish uchun abiturientlar tanlovini e`lon qildi.
S.A.Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti (VGIK) va O`zbekiston Kinematografiya agentligi o`rtasida tuzilgan hamkorlik to`g`risidagi memorandumga muvofiq, quyidagi yo`nalishlar bo`yicha (bakalavr darajasi) VGIKga o`qishga kirish uchun abiturientlar tanlovi (2022-2023 o`quv yili) e`lon qilinmoqda:
1. Kino va televidenie rassomi, kombinasiyalangan s`yomkalar rassomi («Rassomlik san`ati» mutaxassisligi bo`yicha);
2. Multiplikasion filmlar rassomi («Grafika» mutaxassisligi bo`yicha).
3. Ovoz rejissyori
Kirish imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirgan abiturientlar VGIK talabalari qatoriga kiradi va Moskva shahriga o`qishga yuboriladi. O`qish, turar joy (yotoqxona), yo`l harajatlari (aviachipta) uchun to`lov Kinematografiya agentligi va «Rossotrudnichestvo» agentligi hisobidan amalga oshiriladi.
O`qishga kirish uchun majburiy shartlar:
1. O`zbekiston Respublikasi fuqaroligiga ega bo`lish
2. Rus tilini a`lo darajada bilish va erkin so`zlasha olish. Kirish imtihonlari va o`qish jarayoni rus tilida bo`ladi.
3. "Rossotrudnichestvo" agentligining saytida ro`yxatdan o`tish va bu haqda VGIKning Toshkentdagi filialiga pochta orqali xabar berish.