1

Fuqarosizlik va qochoqlar himoyasiga doir qo`llanmalar o`zbek tilida chop etildi

Jamiyat 12.11.2021, 10:56
Fuqarosizlik va qochoqlar himoyasiga doir qo`llanmalar o`zbek tilida chop etildi

Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazida parlament a`zolariga mo`ljallangan ikkita yangi nashr – “Fuqarolik to`g`risidagi qonunlarda fuqarosizlikning oldini olish va kamaytirishning muvaffaqiyatli amaliyoti” nomli 29-qo`llanma hamda “Qochoqlarni xalqaro himoya qilish va davlat boshpana tizimini yaratish masalalari bo`yicha qo`llanma”ning (Parlament a`zolari uchun 27-qo`llanma) o`zbek tilidagi tarjimalari taqdimoti bo`lib o`tdi. Bu haqda Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbir BMTning Inson huquqlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Mazkur kitoblar Parlamentlararo Ittifoq va BMTning Inson huquqlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasi bilan birgalikda nashr etildi. Har ikki qo`llanma parlament a`zolariga fuqarolik va fuqarosizlik to`g`risidagi milliy qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqish hamda qo`llash jarayonida muhim amaliy vosita sifatida xizmat qiladi.

Taqdimotda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a`zolari ishtirok etdi.

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o`rinbosari, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ta`kidlaganidek, fuqarosizlik muammolariga echim topish – bugungi kunda dunyoning aksariyat mamlakatlari siyosatida dolzarb o`rin tutadi.O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev BMT Inson xuquqlari bo`yicha kengashining 46-sessiyasida O`zbekiston fuqarosizlikni kamaytirish borasidagi  siyosatiga qat`iy sodiqligini yana bir bor ta`kidladi.

Shu asosda, xususan, “O`zbekiston Respublikasi fuqaroligi to`g`risida”gi yangilangan qonunga muvofiq, 2021 yil 1 maydan boshlab mamlakatimizga 2005 yil 1 yanvarga qadar kelib, doimiy yashayotgan, shuningdek, mamlakatimizda 15 yil davomida doimiy yashab turgan fuqaroligi bo`lmagan va chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan shaxslar tomonidan istak bildirilgan taqdirda O`zbekiston Respublikasi fuqarosi deb tan olish tartibi joriy qilindi.

O`z navbatida, BMT Qochoqlar masalalari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo mintaqasidagi vakili Xans Fridrix Shodder fuqaroligi bo`lmagan shaxslar va qochoqlarni himoya qilishning uzoq tarixi va ibratli namunalarini o`zida mujassam etgan hamdaparlament a`zolari uchun muhim mazkur qo`llanmalarning o`zbek tiliga tarjima qilingani va nashr etilganidan mamnunligini bildirdi. Uning fikricha, samarali parlament diplomatiyasi BMT Qochoqlar masalalari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasining global maqsadlariga to`liq mos keladi.

Shuningdek, “ushbu tarjimalar fuqaroligi bo`lmagan shaxslar va qochoqlarni himoya qilishga taalluqli milliy qonunchilik, mavjud amaliyot va institutlarni samarali rivojlantirishga, fuqarosizlikning oldini olish va unga batamom barham berishga yaqindan ko`maklashishiga ishonamiz”, dediX.F.Shodder.

Taqdimot ishtirokchilari fuqarosizlik muammosini hal qilishda o`zaro hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishini ta`kidladilar. Deputat va senatorlarning so`zlariga qaraganda, xalqaro hujjatlarning o`zbek tiliga tarjima qilinishi parlament a`zolariga inson huquqlari va fuqarosizlik to`g`risidagi xalqaro huquqning umumiy prinsiplari bilan tanishish imkonini beradi. Bundan tashqari, xalqaro standartlar milliy qonunchilik va huquqni qo`llash amaliyotiga nechog`lik tatbiq etilayotgani xususida muayyan tasavvurga ega bo`lish uchun imkoniyat yaratadi.

Xalqaro hujjatlarning ushbu tarjima nashrlari O`zbekistonning inson huquqlari sohasida faoliyat olib borayotgan xalqaro tashkilotlar bilan amaliy hamkorlikka sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Xususan, “Qochoqlarni xalqaro himoya qilish va davlat boshpana tizimini yaratish masalalari bo`yicha qo`llanma” nomli parlament a`zolari uchun 27-qo`llanmada qochoqlar va xalqaro himoyaga ehtiyojmand boshqa shaxslar duch keladigan muammolar ochib berilgan. Shunday shaxslar uchun qo`llanadigan xalqaro-huquqiy standartlar va majburiyatlar tushunarli va qulay uslubda bayon etilgan.

“Fuqarolik to`g`risidagi qonunlarda fuqarosizlikning oldini olish va kamaytirishning muvaffaqiyatli amaliyoti” nomli 29-qo`llanmada esa bu borada sinovdan o`tgan va davlatlarning milliy qonunchiligida qo`llanishi mumkin bo`lgan amaliy misollar tavsiya etilgan. Bularning barchasi, o`z navbatida, bolalar o`rtasida fuqarosizlik yuzaga kelishiga mutlaqo yo`l qo`ymaslik, fuqarosiz shaxslarni aniqlash tartib-taomillarini joriy etish, umuman, fuqarosizlikka barham berish kabi o`ta dolzarb masalalarda davlatlar uchun foydali va qulay imkoniyatlar tug`diradigan muhim tavsiyalardir.

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1