1

O`zbekiston delegasiyasi YuNESKO Bosh konferensiyasining 41-sessiyasida ishtirok etdi

Madaniyat 12.11.2021, 12:50
O`zbekiston delegasiyasi YuNESKO Bosh konferensiyasining 41-sessiyasida ishtirok etdi

Parij shahrida YuNESKO Bosh konferensiyasining 41-sessiyasida O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari Aziz Abduhakimov umumsiyosiy debatlarda nutq so`zladi.

Tadbirda YuNESKO rahbariyati, Bosh konferensiya va Ijroiya kengashi tarkibi hamda Tashkilotga a`zo davlatlar delegasiyalari ishtirok etishdi.

O`zbekiston tomon Prezident Sh.M.Mirziyoev nomidan YuNESKO Bosh direktori Odri Azuleni ikkinchi muddatga saylangani bilan samimiy  qutladi. Tadbir ishtirokchilariga O`zbekistonda YuNESKO vakolatiga kiruvchi sohalarni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma`lumot berildi.

Madaniyat, ta`lim, fan va axborot sohalarini moliyalashtirishni kengaytirish, Jahon merosi obektlarining 3D nusxalarini yaratish uchun zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishni yo`lga qo`yish, Prezidentning ta`lim sohasida “Yangi O`zbekiston” va ilm-fan sohasida “Uchinchi Renessans” keng ko`lamli dasturlarini amalga oshirish kabi jihatlar alohida qayd etildi.

Tadbirda O`zbekiston va YuNESKO o`rtasidagi keyingi yillarda mustahkamlangan o`zaro munosabatlar masalalariga alohida to`xtalib o`tildi. O`zbekiston hukumatining YuNESKO va unga a`zo davlatlar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, “Xiva jarayoni” platformasini ishga tushirish, maktabgacha ta`lim sohasida Global forum o`tkazish va YuNESKO doirasidagi Abu Rayhon Beruniyning 1050 yilligini nishonlash bo`yicha respublika tashabbuslarini ilgari surish tarafdori ekanliginini bildirildi.

YuNESKO bilan o`zaro hamkorlikni faollashtirish bo`yicha istiqboldagi rejalarga muvofiq, respublika a`zolikka o`z nomzodini ko`rsatgan Ijroiya kengashi va Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo`yicha Hukumatlararo qo`mita faoliyatida O`zbekistonning ishtirokini oshirish, “Baxshi san`ati” va “Ipak yo`ling Zarafshon-Qayroqqum yo`lagi” tegishli ro`yxatlarga kiritish, Xalqaro axborotdan foydalanish kunini nishonlash bo`yicha global konferensiya tashkil etish, shuningdek, universal kirish, bioxilma-xillik va geoparklarni targ`ib qilish kabi yo`nalishlarga e`tibor qaratilmoqda.

Umumsiyosiy debatlarda 50 ga yaqin davlat delegasiyasi rahbarlari, jumladan, tashqi ishlar, ta`lim, madaniyat, fan va sport vazirlari ma`ruza qilishdi. Delegatlar o`z ma`ruzalarida YuNESKO faoliyatining turli jihatlariga to`xtalib o`tishdi. Tashkilotga a`zo mamlakatlar va tashkilot o`rtasidagi hamkorlikning bugungi holati hamda uni rivojlantirish istiqbollari ko`rib chiqildi. YuNESKOning o`z vakolatlari doirasidagi asosiy yo`nalishlarini ilgari surish borasidagi faoliyat samaradorligini oshirish bo`yicha takliflar bildirildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1