AsosiyJamiyat

“Favqulodda holat to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy Qonuni muhokama qilindi (foto)

'“Favqulodda holat to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy Qonuni muhokama qilindi (foto)'ning rasmi

Bugun, 16 noyabr kuni Senat Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo`mitasining majlisi bo`lib o`tdi. Senatning yigirma birinchi yalpi majlisi oldidan o`tkazilgan mazkur yig`ilishda qo`mita a`zolari va ekspertlar guruhi, Vazirlar Mahkamasi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi mas`ullari ishtirok etdi. Bu haqda Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati ma`lum qildi.

Navbatdagi yalpi majlis kun tartibidagi masalalar qatoridan “Favqulodda holat to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy Qonuni ham o`rin olgan.

Ushbu Qonunning qabul qilinishi mamlakatimizda favqulodda holat sodir bo`lganda fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini muhofaza qilishda dasturil amal bo`lib xizmat qiladi.

Qonunda favqulodda holatni joriy etishda vujudga keladigan munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan normalar aks ettirilgan. Xususan, favqulodda holatni joriy etish shartlari va tartibi, qo`llaniladigan choralar va cheklashlar, favqulodda holat amal qiladigan davr uchun joriy etiladigan maxsus davlat boshqaruv organlari, favqulodda holat sharoitida jismoniy va yuridik shaxslar, shuningdek mansabdor shaxs huquqlarining kafolatlari, favqulodda holat sharoitlarida sudlarning faoliyatini tartibga soluvchi va boshqa maxsus qoidalar mustahkamlab qo`yilmoqda.

Qonunda favqulodda choralar, ularning ta`siri doirasi, O`zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari, fuqaroligi bo`lmagan shaxslar, yuridik shaxslar huquq va erkinliklariga o`rnatilayotgan vaqtinchalik cheklovlar, ularga yuklatilayotgan qo`shimcha majburiyatlar, kuchga kirish vaqti hamda amal qilish muddati kabi bir qancha choralar tartibga solinmoqda.

Qonun bilan respublika bo`yicha joriy etiladigan favqulodda holatning amal qilish muddati o`ttiz sutkadan, uning ayrim joylarida joriy etiladigan favqulodda holatning amal qilish muddati esa oltmish sutkadan oshishi mumkin emas. Agar favqulodda holatni joriy etish maqsadlariga erishilmagan bo`lsa, favqulodda holatning amal qilishi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan yana bir muddatga uzaytirilishi mumkin. Lekin mazkur farmon Parlament qo`shma majlisida tasdiqlanishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, qonunda favqulodda holat rejimini ta`minlash uchun Ichki ishlar va Favqulotda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, shuningdek Favqulodda vaziyatlar oldini olish va harakat qilish davlat tizimiga kiruvchi boshqa davlat organlari hamda tashkilotlarining kuchlari va vositalaridan foydalanish belgilanmoqda. Alohida hollarda esa, yuqoridagilarga qo`shimcha ravishda, favqulodda holat rejimini saqlab turish uchun Prezident farmoniga asosan Mudofaa vazirligining kuchlari va vositalari ham jalb etilishi mumkin.

Shuningdek, Qonun bilan favqulodda holat joriy qilingani haqida chegaradosh davlatlarga diplomatik kanallar orqali xabar berilishi ham belgilab qo`yilmoqda.

Majlisda mazkur Qonunning 9-moddasida respublikaning butun hududi bo`yicha favqulodda holat joriy etilganda, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasini tarqatib yuborilishi mumkin emasligi aniq belgilanganiga alohida e`tibor qaratildi.

 

    Boshqa yangiliklar