AQShlik tadqiqotchilar energetik ichimliklar yurakdagi QT intervali (yurakning elektrik sistolasi)ni o`rtacha 2 soatda 10 millisoniyaga oshiradi, degan xulosaga keldilar. Bu haqda SSV axborot xizmati ma`lum qildi.
“Agar millisoniyalarda o`lchanadigan ushbu vaqt oralig`i haddan tashqari uzun yoki kalta bo`lsa, yurak urushida jiddiy o`zgarishlar yuz beradi. Bu esa hayot uchun xavfli bo`lgan aritmiyaga olib kelishi mumkin”, deb ta`kidladi olimlar.
— Energetik ichimliklar me`yoridan ortiq iste`mol qilinganda qonda glyukoza miqdori ko`payib ketadi, — deydi Toshkent tibbiyot akademiyasi Bolalar, o`smirlar va ovqatlanish gigienasi kafedrasi professori, tibbiyot fanlari doktori Guli ShAYXOVA. — Shakarning ortiqcha qismi yog`ga aylanadi va insulin organizmda ko`payib, qandli diabetga olib keladi. Eng yomoni, odam bu ichimlikka beixtiyor bog`lanib qoladi.
Shifokorlarning ogohlantirishicha, quvvatbaxsh ichimliklar qisqa muddatda organizmga zararli ta`sir ko`rsata boshlaydi. Lekin tarkibida ortofosfat kislotasi borligi uchun buni sezmaysiz.
Masalan, 45 daqiqadan so`ng dofamin ishlab chiqarilishi ortib, bosh miyada rohatlanish, qoniqish markazini qo`zg`atadi. 70-80 daqiqadan keyin aks ta`sir qilish vaqti boshlanib, organizmda holsizlik holatlari yuzaga keladi.
Qolaversa, energetik ichimliklar asab tizimini ishdan chiqaradi. Ruhiy kasalliklarga chalinish xavfi ortadi, odamlarda tajovuzkorlik kuchayadi. Bolalarning zehni o`tmaslashib, darslarni o`zlashtirishi pasayib ketishi, nogiron, aqli zaif farzandlar tug`ilishi ayni shunday illatlarning ham asorati, desak xato bo`lmaydi.






