Bugun, 17 noyabr kuni soat 17:10 larda Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi “Xaskovo” podstansiyasida qisqa tutashuv natijasida o`chish sodir bo`lgan. Holat yuzasidan Energetika vazirligining Matbuot xizmati ma`lumot berdi.
Buning natijasida Toshkent viloyatining Zangiota, Toshkent shahrining Olmazor va Shayxontahur tumanlarining ayrim hududlarida elektr energiyasi ta`minoti uzilishlar kuzatilmoqda.
Hozirda Toshkent hududiy elektr tarmoqlari korxonasining avariyaga qarshi maxsus brigadalari tomonidan ushbu nosozlikni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. Ta`mirlash ishlari qisqa vaqt ichida yakunlanadi va elektr energiyasi ta`minoti tiklanadi.
Shuningdek, mamlakatimizga kirib kelgan sovuq ob-havo oqimi, kuchli shamol hamda qor bo`roni elektr uzatish tarmoqlari hamda transformator punktlariga shikast etkazmoqda. Buning natijasida Respublikamizning ayrim hududlarida elektr energiyasi etkazib berishda vaqtincha uzilishlar kuzatilmoqda.
Hozirda maxsus brigadalar tomonidan ushbu nosozliklarni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.
Keltirilgan noqulayliklar uchun iste`molchilardan uzr so`raymiz.






