1

​Bolalarda qandli diabet: nimalarni bilishimiz shart?

Salomatlik 18.11.2021, 18:30
​Bolalarda qandli diabet: nimalarni bilishimiz shart?

Qandli diabet kasalligi yildan-yilga yasharib borayotgani dunyo ahlini jiddiy tashvishga solayotir. Hozir bu dardga chalinganlar orasida yosh bolalar, hatto, chaqaloqlar ham ko`p.

— Bolalarda qandli diabetning asosan 1-turi uchramoqda, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining bolalar endokrinologiyasi bo`limi mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi Shahnoza AZIMOVA. — Organizmda insulin etishmovchiligi hisobiga bemorlarda tez-tez peshobga chiqish, suyuqlikni ko`p miqdorda ichish, holsizlik, ozib ketish kabi ilk belgilar kuzatiladi. Qandli diabetning 1-turini davolash parhez saqlash, jismoniy harakatlar va insulinoterapiyadan iboratdir.

Mutaxassisdan qandli diabetning nasldan-naslga o`tishi haqida so`raymiz.

— Qandli diabetning 1-turi nasldan-naslga o`tadi, — deydi shifokor. — Agar qat`iy parhezga amal qilinib, jismoniy faollik ta`minlansa va bolaning doimiy holati nazorat qilib borilsa, kasallik alomatlarining oldi olingan bo`ladi.

Agar aksi bo`lsa, ko`z, buyrak faoliyatida buzilish kuzatiladi. Mayda va katta qon tomirlaridagi asoratlar bilan birga, bo`y o`smasligi va jinsiy rivojlanishning orqada qolish holatlari ro`y beradi. Ushbu belgilar qandli diabetning kechki asoratlaridan hisoblanadi.

Shu bois, farzandiga qandli diabet 1-tur tashxisi qo`yilgan ota-onalar dastlab o`g`il-qizlarining maxsus maktablar, ya`ni diabet: o`z-o`zini nazorat qilish maktablarida ta`lim olishlariga sharoit yaratishi shart. Bunday maktablar har bir viloyat endokrin dispanserlari qoshida ochilgan.

Diabetik bolalar o`z-o`zini nazorat qilishi, gipoglikemiya va ketoatsedozga shubha qilinganda qondagi glyukozani aniqlashni bilishi kerak.

Shahnoza Azimovaning ta`kidlashicha, oqsil, yog`, uglevod, vitamin va mikroelementlar kundalik rasionga kiritiladi. Uglevodlarni iste`mol qilishda ularning glikemik indeksiga e`tibor beriladi.

Glikemik indeksi past bo`lgan mahsulotlar, masalan, dukkaklilar, suli, sabzavotlar qondagi qand miqdorini sekin ko`taradi. Diabet bilan og`rigan bolalar kun davomida 5-6 mahal ovqatlanishi, jumladan, 3 mahal asosiy taomlanish va oraliq vaqtda qo`shimcha ovqatlanish tavsiya etiladi.

Parhezga rioya qilinganda qondagi qand miqdorining keskin ortishi va shu bilan birga, qandning turli a`zo va to`qimalarga nojo`ya ta`siri oldi olinadi, qabul qilinayotgan insulin dozasini korreksiyalash oson bo`ladi. Shuning uchun bolalar va ularning ota-onalari iste`mol qilinayotgan uglevodlarni hisoblashni bilishlari lozim.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1